“Ona zamin” spektakli tabiatni asrashga bag‘ishlanadi
Ona tabiatni asrab-avaylash uchun barchamiz mas’ulmiz. Bu ko‘nikmani yosh avlodga o‘rgatish esa har birimizning burchimizdir.
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilgan “Ona zamin” spektakli jamiyatimizdagi eng global muammolardan biri — ekologik inqiroz, tabiatni asrash hamda bu borada odamlar mas’uliyatini kuchaytirishdek dolzarb masalaga bag‘ishlangan.
Mazkur yangi sahna asarining premerasi yosh tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Yangi asar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda yaratilgan.
Spektaklning bosh g‘oyasi insoniyatning tabiatga bo‘lgan shafqatsiz munosabati oqibatlarini ko‘rsatishdan iborat.
Asar yosh avlod qalbida atrof-muhitni asrab-avaylash, suv, havo va daraxtlarni qadrlash, ona zaminga nisbatan daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otishga xizmat qiladi.
Sahna asaridagi voqealar orqali har bir insonning kundalik hayotdagi xatti-harakatlari — chiqindilarni tashlash, suvni isrof qilish, yashil hududlarni yo‘q qilish kabi holatlar global iqlim o‘zgarishiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani o‘ziga xos badiiy detallar orqali ochib beriladi. Bu esa tomoshabinda “Tabiatni qutqarish o‘z qo‘limizda” degan xulosani shakllantiradi.
Spektakl nafaqat mavzusi, balki uning jamiyatga taqdim etilish shakli bilan ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, premeraga 37-sonli alohida ehtiyojli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ham taklif etildi. Bu teatrning ijtimoiy mas’uliyati va inklyuziv ta’lim-tarbiyadagi o‘rnini yanada oshiradi.
— “Ona zamin” spektakli Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi teatrning birinchi ijodiy loyihasi bo‘lib, mazkur sahna asari dolzarb mavzuga bag‘ishlangan, — dedi O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri adabiy bo‘lim boshlig‘i Dostonbek Rahmatullayev. — Asar yosh avlodga tabiatni asrash, atrof-muhitni ozoda saqlash, ichimlik suvini tejash kabi muhim qoidalarni o‘rgatadi. Spektakl asosan shou tarzida bo‘lib, yorqin dekoratsiyalar, obrazli kostyumlar va qahramonlarning noodatiy xarakterlariga qurilgan. O‘ylaymanki, mazkur tomosha yosh tomoshabinlarga manzur bo‘ladi.
Darhaqiqat, rejissyor Zafar Asqarov tomoshabinga quruq ma’ruza yoki majburiyat shaklida emas, balki jonli obrazlar va ta’sirli sahna ko‘rinishlari orqali ekologik targ‘ibotni yetkazib bergan. Dramada Roziya Raymqulova, Barot Hasanov, Nargiza Matkarimova kabi taniqli aktyorlar rol ijro etgan.
Liboslarning rang-barang va betakror bo‘lishida ijodkor-rassom Yevgeniya Biserovaning hissasi katta bo‘lgan. Videografist — Chingiz Umarov.
Darhaqiqat, ushbu spektakl yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri