Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov shu haqda ma’lumot berdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 iyuldagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2024/2025 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Qaror asosida mazkur tashkilot tomonidan 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarini barqaror ishlashga tayyorlash to‘g‘risida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, 110, 220, 500 kilovolt kuchlanishli 89 ta podstansiya hamda uzunligi 12 ming 250 kilometr magistral elektr tarmoqlari ekspluatatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov qayd etganidek, 2023 yilda sodir bo‘lgan avariyaviy o‘chishlardan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda, trakt hosil qiluvchi 220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish havo tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Barcha yuqori kuchlanishli podstansiya hamda magistral elektr uzatish tarmoqlariga mas’ul xodimlar biriktirilgan.
– Kuz-qish mavsumida elektr qurimalarining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida umumiy quvvati 736 megavolt/amper bo‘lgan 9 dona kuch transformatori va 848 kilometrdan ziyod uzunlikdagi 110–500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari, 31 dona o‘chirgich va 4 dona kompressor qurilmasini mukammal ta’mirlash rejalashtirildi. 2024 yil 10 sentyabr holatiga rejaga asosan 625,8 kilometr (74 foiz) uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 8 dona transformator (89 foiz), 32 dona o‘chirgich (103 foiz), 4 dona kompressor qurilmasi (100 foiz) mukammal ta’mirlandi. Joriy yil 1 oktyabrga qadar 1 dona kuch transformatori va 222,4 kilometr uzunlikdagi 110, 220, 500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarida mukammal ta’mirlash ishlari bajariladi. Shu bilan birga, transformatorlarning sovutish tizimidagi 113 ta dvigatel ta’mirlandi va 66 ta yangi dvigatel o‘rnatildi. 220–500 kilovolt kuchlanishli 12226 kilometr tarmoq navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 721 ta qushlar qo‘nishiga qarshi moslama, 6000 tadan ortiq izolyator o‘rnatildi, chaqmoqqaytargich trosslar va kontur yerlagichlari tekshirildi, – dedi U.Urunov.
Tadbirda podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarining ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 150 tonna transformator moyi, 1000 kilogramm texnik plastina, 23 dona metall tayanch, 26 dona temir-beton tayanch, 10000 ta izolyator, 12 ta turli quvvatdagi transformator, 35 tonna turli rusumli simlar, ikkilamchi zanjir uchun 10 kilometr kabel mahsulotlari zaxirasi yaratilgani aytib o‘tildi. Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 65 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular 139 ta maxsus avtotransport vositasi, shuningdek, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.
Bundan tashqari, 110-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida olib boriladigan ko‘rik ishlarining samaradorligini oshirish, ya’ni borish qiyin bo‘lgan hududlar, muhofaza zonasidagi yangi qurilishlar, daraxtzorlarni aniqlash hamda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda elektr tarmog‘ining shikastlangan joyini qisqa muddatlarda topish maqsadida uchuvchisiz uchish apparati - drondan foydalanish joriy etilgan bo‘lib, hozirda 656,7 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida va 2000 tadan ortiq tayanchda ko‘rik ishlari olib borildi.
Tadbirda Investitsiya dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Ta’kidlanishicha, 2024 yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 430,6 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, 10 ta investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish natijasida 595 kilometr uzunlikda 220–500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2798 megavolt/amper o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilgan. Shuningdek, yana 1877 megavolt/amper quvvatga ega 4 ta yangi podstansiyasi quriladi va podstansiyalarni modernizatsiya qilish hisobidan 921 megavolt/amper qo‘shimcha quvvat yaratiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA