Madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish yo‘lida
Qohira shahridagi Buyuk Misr muzeyida “O‘zbekiston-Misr: sivilizatsiyalar va meros muloqoti” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim xalqaro maydon sifatida shakllanayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va raqamlashtirish, ma’rifat, dinlararo muloqot va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

– Fursatdan foydalanib, mazkur madaniy tadbirni yuksak saviyada tashkil etishda ko‘rsatilgan yaqin ko‘mak va ishtiroki uchun Misr Arab Respublikasi turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri Sherif Fathi janoblariga, Al-Azhar majmuasi va Misr muftiyati rahbariyatiga, parlament a’zolariga, ilmiy va madaniy doiralar vakillariga hamda barcha hamkor tashkilotlarga samimiy minnatdorlik izhor etamiz, – dedi Baxtiyor Saidov.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Misrni ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy aan’analar, boy ma’naviy meros va umumiy qadriyatlar birlashtirishini qayd etdi. Ikki mamlakat olimlarning islom ilm-fani, madaniyat va ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratildi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA