Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbiriga bordi
Bugun, 2-sentabr kuni yurtimiz bo‘ylab barcha umumta’lim muassasalarida yangi — 2026/2027 o‘quv yili boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami bilan uyg‘un ravishda kechayotgan bugungi kun mamlakatimizdagi millionlab o‘quvchilar, ustoz va murabbiylar, ota-onalar uchun alohida quvonch va hayajonga boy bo‘ldi. Ayniqsa, ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan bolajonlar uchun bu kun unutilmas voqeaga aylanmoqda.
Joriy o‘quv yilida 795 ming nafardan ortiq birinchi sinf o‘quvchisi maktabga qabul qilinib, ularning har biri yangi bilimlar olamiga yo‘l olmoqda. Qalbida orzu-umidlar, ko‘zlarida quvonch va hayajon bilan maktabga kelgan bolajonlar uchun yangi o‘quv yili hayotidagi muhim bosqichlarning boshlanishi bo‘ladi.

Shu munosabat bilan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov poytaxtdagi 202-umumta’lim maktabida bo‘lib, yangi o‘quv yilini boshlayotgan o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalar bilan uchrashdi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi yangi o‘quv yiliga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishlab, qalblarga g‘urur va yuksak ruh baxsh etdi.

Maktabdagi samimiy uchrashuv davomida vazir Ozodbek Nazarbekov bolajonlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga bilim olish, yangi do‘stlar orttirish va maktab hayotida faol ishtirok etishlarida omad tiladi.
Tadbirda maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘asi» to‘plamlari ham topshirildi. Mazkur sovg‘alar bolajonlarning yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlashlariga yanada kuchli turtki berdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilar mehnatini qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlod uchun munosib ta’lim sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
2026/2027 o‘quv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 225 ta umumta’lim maktabida 550 ming nafardan ortiq o‘qituvchi 6,7 million nafardan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi.

Yangi o‘quv yilining ilk kuni yurtimizning barcha hududlarida bayramona ruhda o‘tmoqda. Maktablarda «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari, tantanali uchrashuvlar va turli ma’rifiy dasturlar tashkil etilmoqda.
Darhaqiqat, har birimiz, kasbu korimizdan, vazifayu martabamizdan qat’i nazar, barchamiz eng avvalo, maktabda ta’lim olganmiz. Bu tabarruk ostonadan olgan bilimlarimiz umr bo‘yi yo‘llarimizni munavvar etmoqda, bizlarga ma’rifatning beminnat mash’alasi sifatida asqatmoqda.

2026/2027 o‘quv yilining ilk kuni mamlakatimizda ko‘tarinki va bayramona ruhda boshlandi. Bu kun, ayniqsa, maktab ostonasiga birinchi bor qadam qo‘ygan minglab bolajonlar hayotida yangi davrning boshlanishi bo‘ldi. Yangi o‘quv yili bilan birga maktablarda yangi maqsadlar, yangi rejalar va yangi intilishlarga boy ta’lim jarayoni ham start oldi. Bugungi tantanalar esa ta’limning nafaqat bilim berish, balki jamiyat kelajagini shakllantirishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi. Shu ma’noda, yangi o‘quv yili mamlakatimiz ta’lim tizimi hayotida yana bir muhim bosqich sifatida boshlandi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri