“Birinchi qo‘ng‘iroq” — yangi marralar sari ilk qadam
2026–2027-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Unda bojxona boshqarmasi rahbariyati, maktab jamoasi, mahalla faollari va ota-onalar o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan muborakbod etishdi.

Boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan o‘quvchilarni samimiy muborakbod etib, ta’lim — inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotining eng muhim poydevori ekanini alohida ta’kidladilar. Yosh avlodga puxta bilim olish, ustozlar o‘gitiga amal qilish, Vatanga munosib farzand bo‘lib voyaga yetish hamda kelajakdagi ezgu maqsadlari sari dadil intilishlari tilaklari bildirildi. Shu bilan birga, “Yosh bojxonachi” to‘garagida faol qatnashgan va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5 nafar o‘quvchiga “Yosh bojxonachi” ramziy nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, yangi o‘quv yilida birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bunday e’tibor va rag‘bat yosh avlodni bilim olishga, izlanishga va yangi marralarni zabt etishga undab, ularda Vatanga xizmat qilish, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri