O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
madaniyat va san’at sohasidagi umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, kasbiy, oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini metodik jihatdan muvofiqlashtirish, mazkur ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
respublikaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan iste’dodli yoshlarni aniqlash, madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlariga maqsadli yo‘naltirish, seleksiya asosida tayyorlash hamda ularning o‘z iqtidorini namoyon etish yo‘nalishlarining ilmiy va uslubiy asoslarini yaratish, amaliyotga tatbiq etish;
madaniyat va san’at ta’limini xorijiy ilg‘or tajriba asosida takomillashtirish, shu jumladan, ta’lim bosqichlarida integratsiyalashagan ta’lim darajalarini berish, bilimni baholash hamda ta’lim sifatini nazorat qilishning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
mehnat bozorining soha kadrlariga ehtiyoji va rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha qabul parametrlarini shakllantirish, shuningdek, ta’lim oluvchilar va pedagoglarga qo‘yilgan malaka talablarini takomillashtirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash;
madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or shakllarini joriy qilish, pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun shart-sharoitlar yaratish;
madaniyat va san’at ta’limi sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar tayyorlanishini tashkil eish;
madaniyat va san’at tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda vakolatli davlat boshqaruvi organlari bilan madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlarida joriy etish.
Qarorda Markaz:
2025 yil 10 yanvarga qadar madaniyat va san’at ta’limi sohasini yanada rivojlantirish, shu jumladan, nomativ-huquqiy bazani to‘liq xatlovdan o‘tkazishi, yanada takomillashtirish hamda ushbu sohada kadrlar tayyorlanadigan ta’lim tashkilotlaridagi muammo va takliflarning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishi;
2025 yil 1 martga qadar xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishi;
madaniyat va san’at ta’limi tizimidagi ta’lim tashkilotlarida xalqaro standartlar va ilg‘or tajribani qo‘llash orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish yuzasidan Madaniyat vazirligiga takliflar kiritishi belgilangan.
O‘zA