Madaniyat va san’at ta’limi dargohlarining yangi o‘quv yilidagi vazifalari belgilandi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim tashkilotlarining Respublika kengashi bo‘lib o‘tdi.
Kengash yig‘ilishida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri, Toshkent shahri va viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlari, oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, oliy maktablar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlari hamda soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi kengash ishtirokchilari tomonidan kuylandi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ushbu kengash milliy qadriyatlarimiz, zamonaviy texnologiyalar va umuminsoniy madaniyat uyg‘unlashayotgan muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tashini e’tirof etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan madaniyat va san’at ta’limida yangi davr boshlandi, pedagoglarni rag‘batlantirish, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan tegishli qarori va farmoni asosida sohada qator muhim o‘zgarishlar belgilandi. Jumladan, Respublika musiqa va san’at hamda Karim Zaripov nomidagi estrada va sirk texnikumlariga «Oliy maktab» maqomi berilib, Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Madaniyat va san’at xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti o‘z faoliyatini boshlaydi.

16 ta ixtisoslashtirilgan maktabda yangi o‘quv yilidan boshlab musiqa yo‘nalishiga 5-sinfdan, raqs, teatr, xalq ijodiyoti va tasviriy san’at yo‘nalishlariga esa 9-sinfdan o‘quvchilar qabul qilinadi. Shuningdek, har bir viloyatda bittadan bolalar musiqa va san’at maktabi yangi davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida faoliyat yuritadi.
–Bugungi kunda musiqa va san’at ta’limi nafaqat ma’naviy tarbiya vositasi, balki xalqimizning tarixiy xotirasi, shuningdek, zamonaviy kreativ industriyaning muhim qismiga aylandi. Raqamli texnologiyalar, multimedia va sun’iy intellekt esa bu jarayonni butunlay yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugungi munozaralar va o‘quv seminarlari soha uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Qayd etilganidek, kengash yakunida madaniyat va san’at ta’limini yanada rivojlantirishga qaratilgan Yakuniy rezolyutsiya qabul qilinadi. Ushbu yig‘ilish yangi o‘quv yilini sifatli tashkil etishda muhim amaliy maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda boshqa mas’ullar tomonidan Respublika kengashi davomida ishtirokchilarga Madaniyat vazirligi tomonidan sohada amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari, oliy maktablar, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘rtasidagi uzviy integratsiyani yanada kuchaytirish, tizimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir takliflar muhokama qilindi. Sohadagi eng dolzarb yangiliklar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Tadbir davomida davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabgorlarga «Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi» guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilida yuqori natijalarga erishgan ta’lim tashkilotlari rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kengash doirasida davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, ta’lim tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagog xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan islohotlar va yaratilayotgan keng imkoniyatlar e’tirof etildi.

Kunning ikkinchi yarmida kengash ishtirokchilari 4 ta sho‘’baga bo‘linib, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim sifati va o‘quv-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish, iqtidorli o‘quvchi va talabalar bilan ishlash tizimini rivojlantirish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malakasini oshirish jarayonlarini samarali tashkil etish, shuningdek, madaniyat va san’at ta’limi sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Yangi o‘quv yilida ta’lim tizimi sifatini oshirish, ijodiy muhitni mustahkamlash, madaniyat va san’at sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga oid amaliy choralar belgilandi.
Bugungi kunda vazirlik tizimida 9 ta oliy ta’lim tashkiloti va ularning filiallari, 2 ta kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi, 3 ta oliy maktab, 28 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internati, 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim tashkilotlarida jami 105 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talabaga 18 mingdan ziyod pedagog va professor-o‘qituvchi ta’lim berib kelmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA