Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilishda yagona va samarali boshqaruv yo‘lga qo‘yildi
2026-yil 27-iyulda kuchga kirgan “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nimalar nazarda tutilgan?
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalar qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga o‘z hissasini qo‘shib borish jamiyat har bir a’zosining muhim va mas’uliyatli vazifalaridan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda bu borada sohada amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar natijasida davlat boshqaruvi tizimi tubdan takomillashtirilib, vakolatli organlarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi, institutsional tuzilmalar optimallashtirildi.
Ushbu sohadagi yangi qonun madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, vakolatlarni aniq belgilash hamda qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Qonun 10 moddadan iborat bo‘lib, Soliq, Shaharsozlik, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida”, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunlarga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
– Madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari qanday tartibda belgilandi?
– Qonunning asosiy mazmuni – madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlarini aniq ajratish va ularni funksional jihatdan ixtisoslashtirishga qaratilgan.
Ya’ni, moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq vakolatlar esa Madaniyat vazirligiga tegishli ekanligi qonun darajasida mustahkamlab qo‘yildi.
Aniqroq qilib aytganda, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasiga tegishli bo‘lgan o‘nga yaqin vakolat Madaniyat vazirligidan Madaniy meros agentligiga o‘tkazildi.
Xususan, «Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun 71-modda bilan to‘ldirilib, Madaniy meros agentligining madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida vakolatlari belgilandi.
Endilikda Agentlik moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikka yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Moddiy madaniy meros ob’ektlarini ilmiy va ilmiy-texnik jihatdan tadqiq etish, konservatsiyalash, ta’mirlash hamda ulardan hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshiradi.
Moddiy madaniy meros ob’ektlarining aniqlanishi, hisobga olinishi, muhofaza qilinishi, targ‘ib qilinishi va ulardan foydalanilishini ta’minlaydi hamda ularni muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Moddiy madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastrini yuritadi hamda ob’ektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini tashkil etish va amalga oshirish hamda qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
– Nomoddiy madaniy meros namunalarining tarixiy-madaniy ekspertizasi qanday amalga oshiriladi?
– Bu Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilishi va amalga oshirilishi belgilandi.
Qonunning yana bir muhim jihati – Madaniy meros ob’ektlarining holati ustidan nazorat kuchaytirildi.
Jumladan, Madaniy meros agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari Moddiy madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastriga kiritilgan madaniy meros ob’ektlarining asralishi yuzasidan joriy va istiqbol dasturlarini ishlab chiqish maqsadida har besh yilda bir marta moddiy madaniy meros ob’ektlarining holatini ko‘rikdan o‘tkazishi hamda ularni qayd etishi shart etib qo‘yildi.
Bundan tashqari, yo‘qotilgan moddiy madaniy meros ob’ektini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan asli holiga keltirish to‘g‘risidagi qaror Agentlikning madaniy meros ob’ektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi xulosasi asosidagi taqdimnomasiga binoan, manfaatdor organlar va tashkilotlarning fikri hisobga olingan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Qonun madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, vakolatlar taqsimotida aniqlikni ta’minlash hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.