Yangi qonun: pulli trassalar qanday joriy etiladi?
Avtomobil yo‘llari mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, hududlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash va aholi xavfsiz harakatlanishi uchun muhim infratuzilma hisoblanadi.
Yo‘l tarmog‘ini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, uni saqlash va samarali boshqarishni huquqiy jihatdan takomillashtirish maqsadida “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi. Hujjat sohadagi munosabatlarni yagona tartib asosida belgilab, avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va ulardan foydalanishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Joriy yilning 2-avgustida qabul qilingan mazkur qonunga ko‘ra, endi avtomobil yo‘llarining turlari, ulardan foydalanish tartibi, davlat boshqaruvi vakolatlari, yo‘llar atrofidagi hududlardan foydalanish shartlari hamda pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar aniq huquqiy me’yorlar asosida amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari (ichki avtomobil yo‘llari) hamda xo‘jalik avtomobil yo‘llari kabi turlarga ajratiladi. Shuningdek, avtomobil yo‘llari foydalanish rejimiga ko‘ra bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkin. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki hisoblanib, ular Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ixtiyorida bo‘ladi hamda cheklanmagan doiradagi transport vositalarining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki bo‘lib, ular Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ixtiyorida bo‘ladi va cheklanmagan doiradagi shaxslarning transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangandir.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi ajratilgan mintaqaning minimal o‘lchamlari quyidagilardan iborat:
І toifa avtomobil yo‘llarida - 80 metr;
II toifa avtomobil yo‘llarida - 60 metr;
III va IV toifa avtomobil yo‘llarida - 40 metr;
V toifa avtomobil yo‘llarida - 25 metr.
Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari mazkur yo‘l egalari tomonidan, shu jumladan ixtisoslashtirilgan yo‘l tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi. Yirik gabaritli va og‘ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo‘llarida harakatlanishiga faqat maxsus vakolatli organ yoki uning tizimidagi idoralar tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Pulli avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki o‘z vakolatlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Mazkur qaror rejalashtirilayotgan pulli avtomobil yo‘li bilan bog‘liq hududlar o‘rtasida lozim darajadagi va foydalanish holatidagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab muqobil bepul harakatlanishni ta’minlash sharti bilan qabul qilinadi.
Foydalanuvchi transport vositasida pulli yo‘ldan harakatlanish uchun pulli avtomobil yo‘liga kirish, harakatlanish uchun to‘lovni to‘lov punktida to‘lash, yo‘l talonini sotib olish kabi usullardan biri orqali operator bilan ommaviy shartnoma tuzadi.
Pulli avtomobil yo‘lidan harakatlanish uchun to‘lov transport vositalarining yuqori tezlik rejimini va butun yo‘nalish bo‘ylab yuqori darajadagi servis xizmatini ta’minlash sharti bilan joriy etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA