Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tizimida hozirgi kunda 104 ta muzey va uning filiallari faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 37 tasi asosiy muzeylar, 67 tasi filiallardir. Muzeylarning 7 tasi muzey-qo‘riqxonalar, 12 tasi uy-muzeylari hisoblanadi.
Madaniy meros agentligi direktori Shahriyor Nurulloyev respublika muzeylarining moddiy texnik bazasi, milliy va xorijiy tajribalar hisobga olingan holda eksponatlar xavfsizligi va saqlanish holatlari, tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini aniqlash maqsadida Toshkent shahrida joylashgan Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi faoliyati bilan tanishdi.
Aytish kerakki, ushbu uy-muzey 1965 yildan 1975 yilgacha Muxtor Ashrafiy yashab, ijod etgan xonadonda joylashgan. “Sevgi tumori”, “Temur Malik” asarlari aynan mana shu yerda yaratilgan. Muzey to‘plami Muxtor Ashrafiyning shaxsiy arxivini o‘z ichiga olgan. Bu yerda, shuningdek qimmatbaho qo‘lyozmalar, fotosuratlar, hujjatlar, spektakl dasturlari, kitoblar, nota nashrlari, gramplastinkalar o‘zbek musiqiy cholg‘usi to‘plami mavjud. Ekspozitsiyada shu bilan bir qatorda “Bo‘ron” birinchi milliy operasi materiallari ham bor.
O‘rganish jarayonida Sh.Nurulloyev uy-muzey direktori Natalya Gunovaga imkoniyati cheklangan shaxslarning muzeylarga tashrifi uchun sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, audiovizual texnologiyalar xizmatidan keng foydalanish, mass-media va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanishni tavsiya qildi.
O‘zA