| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Madaniy javohirlardan bahramand bo‘lib...

Jahon tarixida yetakchi o‘rin tutgan qadimiy sivilizatsiyalar ko‘p. Lekin ular orasida Markaziy Osiyoning ko‘hna ilm-fani, taraqqiyot bosqichlari, ma’rifatining o‘z o‘rni, ahamiyati bor, albatta.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida" mavzusidagi xalqaro forumda ayni savollarga batafsil va keng javob topish imkoni yaratildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Bu esa madaniyat, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat masalalari yurtimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Darhaqiqat, bundan uch ming yil muqaddam mintaqada ilk shaharlar va davlatchilik vujudga keldi. Alloma bobolarimiz sa’y-harakati bilan aniq, ijtimoiy-gumanitar fanlar muttasil taraqqiy etdi.
Mintaqamizning qadimiy ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiya markazlari ko‘hna Xiva, Samarqand va Buxoro, O‘tror va Xo‘jand, Marv va O‘sh singari o‘nlab shaharlar tarixi bilan uzviy bog‘liq. Ayni paytda Al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk olimlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy, Najmiddin Kubro kabi ulug‘ ulamolar, Kamol Xo‘jandiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Maxtumquli, Abay, To‘qtag‘ul, Berdaq singari mashhur shoirlar, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod kabi musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlar o‘zining betakror faoliyati bilan dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shdilar.
Yurtimizda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan Madaniy meros haftaligi xalqaro miqyosda ham yuqori baholanmoqda.
Haftalikning navbatdagi bosqichida ishtirokchilarning Katta Guldursun qal’a, Tuproq qal’a, Qizil qal’a singari qo‘hna obidalarga sayohati, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga tashrifi, Nukus shahrida o‘tkazilajak II xalqaro baxshichilik san’ati festivalida ishtiroki ko‘zda tutilmoqda.
Ha, chindan ham mazkur haftalik xorijlik mehmonlarga moddiy va nomoddiy merosimiz, osori atiqalarimiz, qimmati har qanday boyliklardan ustun milliy merosimiz bilan kengroq tanishish imkonini bermoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA
Muallif: nazokatusmonova




