O‘zbekiston futbolida Britaniya tajribasi o‘rganiladi
O‘zbekiston futbolida boshqaruv samaradorligini oshirish, yosh futbolchilarni xalqaro maydonga olib chiqish va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) mas’ullari Buyuk Britaniyaning «Blue Sky Sports» futbol agentligi direktori Richard Kressvell bilan videomuloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida iqtidorli yosh futbolchilarning xorijiy klublar va akademiyalarda professional mahorat oshirishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, futbolchilarni saralash va rivojlantirish, transfer jarayonlarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning futbolni boshqarish va rivojlantirish tajribasini o‘rganish, uni milliy tizimga moslashtirish hamda O‘FA huzurida xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi loyiha ofisini tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda futbol sohasidagi loyihalar samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlarni jalb etish va aniq natijalarga yo‘naltirilgan boshqaruv mexanizmlarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, «Blue Sky Sports» futbolchilar manfaatlarini himoya qilish, transfer va shartnoma jarayonlarini boshqarish, shuningdek, klublar, investorlar va brendlarga konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning xalqaro faoliyati to‘qqizdan ortiq mamlakatni qamrab oladi, professional aloqalari esa 15 dan ortiq mamlakat bilan bog‘langan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA