Futbolni ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Milliy futbol markazida “Futbol va ilm” sport va fan innovatsiyalari forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda millionlar o‘yinini ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish hamda ilm-fan integratsiyasini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi sport, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarining mutasaddilari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari olimlari, murabbiylar ishtirok etgan forumda dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Jumladan, Obidjon Igamberdiyev, Anvar Sattorov, Dilafruz Abdullayeva, Vladimir Serebryakov kabi olimlarning futbolchilarni tayyorlashning milliy modeli, intensiv jismoniy yuklamalarga moslashuvining fiziologik mexanizmlari kabi mavzulardagi chiqishlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Forum davomida futbolni ilmiy asosda rivojlantirish, sport tibbiyoti, seleksiya, ta’lim, innovatsion texnologiyalar hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr va takliflar ilgari surildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA