O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Wikipedia” informatsion portalini o‘zbek tilida ma’lumotlar bilan boyitish hamda sun’iy intellekt tizimi orqali ishlovchi ovozli mobil yordamchini o‘zbek tilida ham ishlovchi muqobili “Aziza” virtual ovozli yordamchini ishga tushirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev jahon internet tarmog‘iga o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni joylashtirish dolzarb ekanini ta’kidladi.
Butunjahon internet tarmog‘ini ona tilimizdagi ishonchli va sifatli ma’lumotlar bilan to‘ldirish, ularni ko‘paytirish maqsadida 2022 yil 20 maydan 20 dekabrga qadar o‘tkaziladigan “WikiStipendia” marafoni o‘tkazilmoqda. Anjumanda mazkur ijodiy loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, universitet talabalari orasida ushbu loyiha bo‘yicha olib borilgan faoliyat haqida universitet mas’ullari, faollari tomonidan ma’lumot berildi.
Tadbirda agentlik mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilida gapiradigan “Aziza” degan ism bilan yartilgan virtual ovozli yordamchi haqida aniq va to‘liq tushuntirishlar berildi.

– Ma’lumki, “Wikipedia”da o‘zbek tilidagi ma’lumotlar juda kam, – dedi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktorining maslahatchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mehrinoz Abbosova. – “WikiStipendia” marafoni doirasida asosan fidoyi va iqtidorli yoshlar ishtirokida bu boradagi ishlarni boshlab yubordik. Maqolalar soni marafon boshlanganidan buyon keskin ortdi. Ishtirokchilar uchun “viki-maqola” tayyorlash uchun video darslar, turli ijodiy-ma’rifiy tanlovlar o‘tkazilmoqda. Bularning bari yoshlarning “WikiStipendia” marafoniga zarur maqolalar yaratishida o‘ziga xos omil bo‘lmoqda.
Bu ishni amalga oshirayotgan dasturchi Baxtiyor Hasanovning loyihasi hozir e’tiborda va ovoz yig‘ish jarayonida ekani ahamiyatlidir. Yaxshi ishlaydigan ovozli yordamchini yaratish uchun kamida 10 ming soat ovozli ma’lumot kerak bo‘lishi va jarayonni tezlashtirish uchun istalgan kishi @UzbekVoiseBot orqali ro‘yxatdan o‘tib, ovozli xabar qoldirishi mumkin.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zJOKUda tashkil etilgan shaxmat klubining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Klubni universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev birgalikda ramziy tasmalarni kesgan holda ochib berdi.
N.Usmonova,
O‘zA