Loyiha doirasidagi xayrli tashabbus
Bugungi kunda yoshlarning bilim va tafakkurini rivojlantirish, ularni ilm-fan va ma’rifatga yo‘naltirish muhim vazifalardan biridir.
Shu maqsadda “Yuksalish” harakati tomonidan “Ziyoli kelajak” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Tashabbusning maqsadi — maktablardagi mavjud muammolarni hal etishga ko‘maklashish hamda har bir o‘quvchi o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara oladigan sharoitni yaratib, ta’lim tizimini yanada qulay va sifatli qilishdan iborat.
Shuningdek, ushbu loyiha yoshlarni kitobxonlikka, mustaqil fikrlashga, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga rag‘batlantirish orqali jamiyatimizning kelajak poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday tashabbuslar yoshlarning kelajakda yetuk mutaxassis va ziyoli insonlar bo‘lib yetishishiga muhim hissa qo‘shadi.

“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan loyiha doirasida Nukus tumani “Oqterak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-sonli umumiy ta’lim maktabining o‘quv sinf xonalari poli yangilab berildi. Bu tashabbus tumandagi “Biogumus” fermer xo‘jaligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.
“Ziyoli kelajak” loyihasi orqali yoshlar o‘z bilim va iqtidorini namoyon etish, yangi imkoniyatlarga ega bo‘lish va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbir davomida maktab jamoasi va o‘quvchilar bu tashabbusni ta’lim olish uchun yaratilayotgan qulay va munosib sharoitlarning yana bir amaliy ifodasi sifatida ahamiyatli ekanligini alohida ta’kidlashdi.
— Albatta, ta’lim sifati faqat dars jarayoni bilan emas, balki o‘quvchilar uchun yaratilgan qulay, xavfsiz va shinam muhit bilan ham chambarchas bog‘liq. — deydi “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Tajibay Romanov. — Yangilangan sinf xonalari farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi, darslarga yanada qiziqish bilan qatnashishi uchun munosib sharoit yaratadi.
“Yuksalish” harakati tomonidan ushbu xayrli ishda o‘z hissasini qo‘shgan tadbirkorga minnatdorlik bildirildi. Bunday ezgu tashabbuslar maktabda hamjihatlik, mehr-oqibat va bunyodkorlik muhitini yanada mustahkamlashi qayd etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri