Leksikologiyaning muhim masalalari
Mamlakatimizda o‘zbek tili bilan birgalikda sharq filologiyasini ham chuqur o‘rganish doimiy e’tiborda. Bunda oliy ta’lim muassasalari, tarjima markazlari, qo‘lyozmalarni o‘rganish institutlarining o‘rni beqiyos.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti hamkorligida ulug‘ allomalarimiz ilmiy-adabiy merosida leksikologiya va leksikografiyaga oid ma’lumotlar, an’analar va hozirgi zamon ilmiy maktablarining o‘rni mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori A.Mannonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida kamol toptirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda o‘zbek tili bilan birgalikda sharq filologiyasini ham chuqur o‘rganish doimiy e’tiborda. Bunda oliy ta’lim muassasalari, tarjima markazlari, qo‘lyozmalarni o‘rganish institutlarining o‘rni beqiyos. Shu bois yosh olimlarni rag‘batlantirish, iste’dodini namoyon etishiga imkon yaratish, soha mutaxassislari bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, lug‘atlarni tuzishda tilshunos, adabiyotshunos va lug‘atshunos olimlar sa’y-harakatlarini birlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Anjumanda lug‘atchilik tilshunoslikning qadimgi turi sifatida o‘rganilishi, lug‘atlarda fonetika va fonologiya, bu borada erishilayotgan yutuqlar va dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
– Tillarning rang-barangligi ta’lim, madaniyatlararo muloqotni ravnaq toptirish, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi Til va adabiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi E.Umarov. – Hozirgi kunda dunyo aholisi yetti mingga yaqin tilda so‘zlashadi. Bu tillarning har biri taraqqiyot bosqichlari, o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Mazkur anjumanda yosh olimlar, mutaxassislar turli tillarning rivojlanishi, xususan, o‘zbek tilining ildizlari, uning mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar olish, shu bilan birga, tadqiqotlar haqida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbirda allomalar merosi asosida yaratilgan ilmiy-ommabop videofilm namoyish etildi. Til siyosati, sharq tillarining rivojlanish bosqichlari, O‘rta asrlar sharq lug‘atchiligi, izohli lug‘atlarning tuzilish xususiyatlari, transkripsiya masalalari, fonologik, grammatik tadqiqotlar, hozirgi zamon lug‘atchiligi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.