Kuy-qo‘shiq bo‘lib dillarda yashayotgan so‘zlar ijodkori...
26-aprel – O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun
Dilga yaqin san’at, ijod namunasi, kuy-qo‘shiqlar borki, uning ortida el suygan qaysidir iste’dod mehnati bor. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ana shunday iste’dodlardan edi.
Muhammad Yusuf 1954-yil 26-aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topdi. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil oldi. Respublika Kitobsevarlar jamiyati, «Toshkent oqshomi» gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, «Tafakkur» jurnali, «O‘zbekiston ovozi» gazetasida xizmat qildi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgach, 1998-yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat yuritdi.
Muhammad Yusuf, avvalo, xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o‘xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari, qo‘shiqlari bilan tanildi, shuhrat qozondi. El mehriga sazovor bo‘ldi.
Muhammad Yusufning kuy-qo‘shiqlar orqali dillarni shod etib kelayotgan ayrim she’rlarini bir eslasak.
VATANIM
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim,
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg‘izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim…
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdard-u hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon,
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Kurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig‘, deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim…
O‘g‘lim desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beging quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim…
O‘tgan kuning – o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Yoningda qon yig‘lagan bir
Shoiringga qarab qo‘y,
Gar Qo‘qonga yo‘ling tushsa,
Detdomlarni so‘rab qo‘y.
Hech bo‘lmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qo‘y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug‘imsan, Vatanim…
Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
SAMARQAND
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rib qaytaman.
U qon yig‘lab turar har safar:
Men dardimni kimga aytaman?..
Bag‘rimda bo‘y yetgan bo‘z bolam,
Mergan bolam, lochin ko‘z bolam,
Bo‘g‘zimga tig‘urgan o‘z bolam…
Men dardimni kimga aytaman.
Sezmay qoldim. O‘shanda chog‘im,
Yulduzlarda ekan nigohim.
Bilmadim ne edi gunohim…
Men dardimni kimga aytaman.
Qancha g‘amga botmagan edim,
Qancha og‘-u yutmagan edim…
O‘z bolamdan kutmagan edim…
Men dardimni kimga aytaman.
Tanim muzlab, goh tosh qotaman,
Men shoh emas, axir, otaman.
Go‘rimda ham o‘ylab yotaman,
Men dardimni kimga aytaman?..
Samarqandga borsam men agar,
Ulug‘bekni ko‘rmay kelmayman.
U menga qon yig‘lar har safar,
Men dardimni kimga aytaman!
JAYRON
Qon yig‘latdi qaysi bag‘ritosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?
Oyog‘ingga qo‘yib yotay bosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Yurak qoning to‘kilgan so‘qmoq
Bag‘ri alvon lolaqizg‘aldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Zor yig‘lading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod…
Ey beozor, ey mo‘min jonzot,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko‘rolmaydilar.
Meni ham qon qildilar ular,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug‘ishgan og‘ang bo‘lay man,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
MEHR QOLUR
O‘tar qancha yillar to‘zoni,
Yulduzlar – ko‘zyoshi samoni.
O‘tar inson yaxshi-yomoni,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Qorachug‘da porlagan o‘sha,
Iqboliga chorlagan o‘sha.
Dunyoni tor aylagan o‘sha
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Anor sening yuzlaring, suluv,
Xumor sening ko‘zlaring, suluv,
Yodda qolmas so‘zlaring suluv,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Oqib ketdi suvlarda Tohir,
Zuhro yig‘lab qoldi qon bag‘ir.
Kelganda ham qiyomat oxir,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
Nima deysan, ey, g‘ayur inson?
G‘iybatlaring qildi meni qon.
Sen ham bir kun o‘tursan, inon,
Mehr qolur, muhabbat qolur.
ZEBI, ZEBI…
Suzilma oy osmonda,
Sendan to‘lin yuzlar bor.
Surxon degan tomonda
Oydan oydin qizlar bor.
Zebi deyman, Zebona,
Ishqingda men devona,
Bolalikda do‘st qizlar,
Bo‘yga yetgach
– begona!..
Chog‘im yetmas chog‘lasam,
Oftob erir taftidan.
Kechagina xohlasam,
Suv ichardim kaftidan.
Zebi derdim, Zebona,
Ishqingda men devona.
Bolalikda do‘st qizlar,
Bo‘yga yetgach begona…
Na u menga elandi,
Na men unga qayrildim.
Do‘stim unga uylandi,
Do‘stimdan ham ayrildim.
Zebi dedim, Zebona, Sevganim sen yagona.
Bolalikda sog‘ qizlar
Bo‘yga yetgach
– devona!..
MEN BITTADURMAN
Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko‘p,
Husning oshiqlari – adolaring ko‘p.
Nimang ko‘p, ko‘yingda gadolaring ko‘p,
Ammo men bittaman, men bittadurman.
Bek yigit bir sening poyingda xorman,
Garchi diydoringga mushtoqu zorman,
Men beun sevarman, men jim sevarman,
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.
Deydilar: muhabbat bilmas masofa,
Ayriliqni pisand qilmas masofa.
Kelursan o‘zing deb bir kun insofa –
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.
Tiling bilmasam ham tushungandayman,
Sen bilan gohi do‘st tutingandayman.
Gohi bu do‘stlikdan o‘kingandayman,
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.
Suymoq bu – gulxanda kuymoq azali,
Men shahar erkasi, sen tog‘ go‘zali.
Eslab yur yodingga tushgan mahali —
Shaydolaring ko‘p-u, men bittadurman!..
* * *
Muhabbat, sen chiroyli,
Muhabbat, sen go‘zalsan.
Tag‘in bir zum turaylik,
Gapirmayman, uyalsang…
So‘ng ketarmiz. Sezdimki
Men orzuga yetmadim.
Seni shunday sevdimki
Qo‘lingdan ham tutmadim.
Qo‘ling… sening qo‘llaring,
Muloyimdir ehtimol.
Ayri tushdi yo‘llarim,
Sevar yorim, yaxshi qol.
Muhabbat, unut meni,
Va men ham… unutmayman.
Tushlaringda kut meni,
Tushlaringga kirgayman…
Muhabbat, sen chiroyli,
Muhabbat, sen go‘zalsan.
Kel, ko‘rishib turaylik,
Salomlashmay, uyalsang.
UYQUDAGI QIZ
Qaro yerga qo‘yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko‘zlariga to‘lib yosh,
Hur qizgina uxlaydi.
Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yonoq.
Ko‘ngli to‘la armoni,
Qo‘yni to‘la qizg‘aldoq…
Bu dunyoda hech sendek
Qiz yo‘q edi, tur, singlim,
O‘zing orzu qilgandek
To‘y qilamiz, yur singlim.
Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro‘mol o‘rarsan.
Gul-gul yonib muqaddas,
Chimildiqqa kirarsan…
Qaro yerga qo‘yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Nurxon otli qalamqosh,
Hur qizgina uxlaydi.
MUHABBATIM
Muhabbatim, qaydasan qalb ardog‘im,
Jayronko‘zim, qirlarda qolgan ohum.
Qo‘lim tegmay to‘kilgan qizg‘aldog‘im,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Kelar bo‘lsang yo‘lingga gul to‘shardim,
Sen Layliga, men Majnunga o‘xshardim,
Bu dunyoda hijron yo‘q deb yashardim,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Tushlarimda yig‘larsan goh bag‘ri qon,
Ohlaringdan dud chiqib osmon-osmon,
Menga sen-u senga men bo‘ldik armon,
Endi seni izlab qaydan toparman…
Muhabbatim, qaydasan, qalb ardog‘im,
Jayronko‘zim, qirlarda qolgan ohum,
Qo‘lim tegmay to‘kilgan qizg‘aldog‘im,
Endi seni izlab qaydan toparman…
QIZG‘ALDOQ
Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q,
Kokil yoysang, yerdan bo‘lak toshoynang yo‘q,
O‘ksib-o‘ksib turganingda o‘zim borib,
Peshonangdan o‘pay desam, peshonang yo‘q…
Sollanasan kelinchakday boshing egib,
Jayron o‘tgan so‘qmoqlarga yoshing to‘kib,
Qizil yuzing qon dilimga turar tegib,
Meningdek sen g‘aribning ham parvonang yo‘q…
Qadring bilgan, darding bilgan, ayt, kiming bor?.
Kelib-ketar bahor senga bevafo yor,
Go‘zalsanki, senga bari gullar ag‘yor,
«Oh» ursang, bir ohing tinglar ostonang yo‘q…
Oldingga men borolmasam, o‘t gunohim,
Bir yo‘qlab qo‘y, men dunyodan o‘tgan chog‘im,
Qabrim uzra hilpirab tur, qizg‘aldog‘im,
Muhammaddan bo‘lak do‘sti devonang yo‘q.
Mustaqillikning ilk yillaridayoq «Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston», deya kurash maydoniga tushgan, istiqlolni baralla kuylagan, vijdoni uyg‘oq ijodkor Muhammad Yusufning hayot yo‘li, ijodi va qizg‘in ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uning «Tanish teraklar», «Bulbulga bir gapim bor», «Iltijo», «Uyqudagi qiz», «Halima ena allalari», «Ishq kemasi», «Ko‘nglimda bir yor», «Bevafo ko‘p ekan», «Erka kiyik», «Saylanma», «Biz baxtli bo‘lamiz», «Osmonimga olib ketaman», «Ulug‘imsan, Vatanim» singari o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari adabiyotimizning oltin merosiga aylandi.
Muhammad Yusuf o‘zbek she’riyati va qo‘shiqchiligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1996-yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Ijodkor 2001-yil 47 yoshida vafot etdi. Uning milliy adabiyotimiz va madaniyatimizni, xalqimiz ma’naviyati, ong-u tafakkurini yuksaltirish, yosh avlod qalbida o‘zlikni anglash yo‘lidagi she’rlari hamon qalblarda yangramoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA