Amir Temur nega o‘z qo‘shinidagi boshliqlarga go‘sht iste’mol qilishni man etgan?
O‘rta asrlar harbiy tarixida lashkar ta’minoti eng murakkab va hal qiluvchi masala bo‘lgan. O‘n minglab askarlarni uzoq safarlarda oziq-ovqat bilan ta’minlash o‘ta og‘ir kechgan. Ko‘plab nomdor sarkardalarning qo‘shinlari aynan ochlik va ta’minot uzilishi sababli halokatga uchragan.
Amir Temur esa bu yo‘nalishda o‘ziga xos boshqaruv usullarini yaratgan. Sohibqiron yurishlaridagi ov-shikor tadbirlari sayr-tomosha yoki ko‘ngilxushlik uchun qilinmagan. Bu butun boshli qo‘shinni ochlikdan qutqaruvchi muhim harbiy-iqtisodiy tadbir edi. Shu bilan birga, ov davomida askarlarning jangovar ruhi va o‘zaro uyg‘unligi toblangan. Bunday teran mushohadaning yaqqol isbotini Dashti Qipchoq va Iroq voqealari misolida ko‘ramiz.
Muarrix Sharafuddin Ali Yazdiyning mashhur “Zafarnoma” asarida 1391-yil bahoridagi voqealar juda aniq tasvirlanadi. Amir Temur xiyonatkor To‘xtamishxonni jazolash uchun bepoyon Dashti Qipchoq sahrosiga kirib boradi. Sarkarda o‘ta katta qo‘shin bilan dushmanni qatorasiga to‘rt oy davomida tinimsiz ta’qib qiladi. To‘xtamishxon ataylab jangga kirishmay, Temur lashkarini sahroning eng ichkarisiga boshlab ketadi. Yetti oylik mashaqqatli safar davomida lashkar birorta ham tirik insonni uchratmaydi. Tevarak-atrofda bironta ekinzor, chorva suruvi yoki yashash manzili ko‘zga tashlanmaydi. Faqat huvillab yotgan cheksiz cho‘l lashkarni to‘liq qurshab olgan edi.
Ochlik tufayli qo‘shin ortidan ergashib kelayotgan sayyor bozor huvillab qoladi. Karvonlar orqada qolib ketgani sababli, oziq-ovqat tanqisligi keskinlashib, vaziyat yomonlashadi. Narx-navo qahatchilik yillaridagi kabi misli ko‘rilmagan darajada osmonga sapchiydi. Odatiy kunlarda arzon turadigan bitta qo‘yning bahosi yuz dinorgacha ko‘tarilib ketadi. Yuz dinor o‘sha davr o‘lchovida juda katta boylik hisoblangan. Bunday og‘ir sharoitda qo‘shin ichida turli noroziliklar va tushkunlik tarqalishi tayin edi. Lekin Sohibqiron darhol qat’iy tartib o‘rnatadi va o‘zining sarkardalik qobiliyatini namoyish etadi.
Hukmdor zudlik bilan tuman amirlari, mingboshi, yuzboshi va o‘nboshilarga qat’iy cheklov qo‘yadi. Barcha darajadagi boshliqlarga go‘sht pishirish va iste’mol qilish man etiladi. Eng yuqori martabali sarkardalar ham oddiy navkarlar bilan bir xil sharoitda yashashga o‘tadi. Butun lashkar faqat suyuq atala ichib kun ko‘rishga majbur bo‘ladi. Oldinlari bunday yupun va go‘shtsiz ovqat faqat qullarga yoki xizmatkorlarga ravo ko‘rilgan. Lekin og‘ir pallada eng kibor amirlar, hatto Temurning o‘zi ham ana shu ataladan ichishardi. Har bir askarga kuniga faqat bir tovoqdan siyrak yegulik tarqatilib, qattiq nazorat o‘rnatiladi.
Adolatli taqsimot lashkarni ichki ziddiyatlardan asrab qoladi, biroq zaxira baribir tugaydi. Och qolgan sipohiylar tirik qolish uchun keng sahro bo‘ylab turli yeguliklar qidirishga tushadilar. Ular yovvoyi qushlar tuxumini va turli mayda jonivorlarni qidirib topadilar. Hatto yeyishga yaroqli cho‘l o‘t-o‘lanlari va ildizlari ham qazib olinadi. Ochlik va surunkali charchoq butun qo‘shinning tinkasini qattiq qurita boshlaydi. Aynan shu qaltis pallada Amir Temur lashkarni halokatdan qutqaruvchi farmonni e’lon qiladi. U zudlik bilan sahroda ommaviy katta shikor o‘tkazishni buyuradi.
Mazkur tarixiy va ulkan shikor 1391-yil 6-may kuni ertalabdan boshlanadi. Manbalarda bunday maxsus va keng ko‘lamli ov halqalari qadimdan “charga” deb nomlangan. Amirlar bepoyon sahroda ulkan doira hosil qilish uchun eng chaqqon sipohiylarni ajratadilar. Askarlar o‘nlab chaqirim kenglikni o‘rab olib, yovvoyi hayvonlarni halqa ichkarisiga tomon asta surib keladilar. Ikki kunlik uzluksiz harakatdan so‘ng doira birlashadi va halqa ichi turli jonivorlarga to‘lib toshadi. Askarlar qurol-yarog‘ bilan zich turib, temir devor hosil qiladilar. Birorta ham hayvonning qurshovdan tashqariga chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmas, qoida buzganlar qattiq jazolanar edi.
Ov davomida juda ko‘p kiyik, tovushqon, yovvoyi qulon va boshqa dasht jonivorlari tutiladi. Bu tadbir tufayli lashkar yana bir necha haftalik to‘laqonli go‘sht zaxirasiga ega bo‘ladi. Bu jarayon shunchaki oziq-ovqat to‘plash emas, balki mukammal uyg‘unlikka asoslangan harbiy mashg‘ulot ham edi. Halqa ichida dastlab shaxsan hukmdorning o‘zi ov qilib, lashkarga namuna ko‘rsatgan. Keyin u baland tepalikka chiqib, shahzodalar va amirlarning chaqqonligini diqqat bilan kuzatib borgan. So‘nggi navbatda qo‘shin ovga kirishib, o‘z navkarlik mahoratini va kamondan o‘q uzish san’atini namoyish qilgan.
Sohibqiron bunday noyob oziq-ovqat ta’minoti usulidan keyingi yurishlari davomida ham muntazam foydalangan. Muarrix Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida yana bir shunga o‘xshash muhim voqeani qayd etadi. 1393-yil 6-dekabrda shanba kuni yangi shikor boshlanadi. Bu vaqtda Amir Temur “besh yillik yurishlar” bilan band edi. U Iroqdagi Harbiy mavzesida askarlari bilan keng ko‘lamli ov qilishga qaror qiladi. Farmonga binoan minglab lashkarlar notanish sahro atrofini qurshab, katta o‘lja yig‘adilar.
Ko‘rinib turibdiki, Amir Temurning har bir xatti-harakati ortida buyuk maqsad mujassam bo‘lgan. Oddiy ov tadbiri orqali u ham qo‘shin ta’minotini yechgan, ham jangovar harbiy intizomni mustahkamlagan. Og‘ir pallada oddiy askarlar bilan bir xil ovqatlangan adolatli hukmdor lashkarning cheksiz mehrini qozongan. Uning bunday teran tafakkuri, inqirozlarni boshqarish sirlari va puxta rejalari avlodlar uchun ibrat maktabidir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA