Kulgi ortidagi hayotiy haqiqatlar
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri sahnasida xalqona yumor, hozirjavoblik va hayotiy mazmun uyg‘unlashgan «Nasriddin Afandi» spektaklining navbatdagi namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Shuhrat Ibragimov tomonidan sahnalashtirilgan spektakl tomoshabinlarni yana bir bor kulgi, qiziqarli voqealar va o‘ziga xos sahnaviy yechimlar olamiga chorladi. Spektaklni muxlislarga taqdim etishga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev ishtirok etdi.

Spektakl markazida sofdil va mehnatkash Anvar hamda go‘zal Oydinning muhabbati turadi. Anvar o‘z xo‘jayinining qizi Oydinni sevib qoladi. Ammo boy ota qizini Qozi G‘irromiyning o‘g‘li Dadajonga turmushga berishni rejalashtiradi.
Dadajon – otasining erkatoyi, yumshoqtabiat va ko‘ngli nozik yigit. Oydin esa mard va jasur insonlarni yoqtiradi. Ana shu qarama-qarshilik ikki yoshning muhabbati yo‘lida turli to‘siqlarni yuzaga keltiradi.

Voqealar rivojida esa uddaburon va hozirjavob Nasriddin Afandi paydo bo‘ladi. Uning ijobiy ma’nodagi hiylasi, zukkoligi va topqirligi ikki sevishgan yoshning orzularini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Afandining har bir harakati va hozirjavobligi tomoshabinga kulgi ulashar ekan, uning zamirida jamiyatdagi ayrim illatlarga nisbatan o‘tkir munosabat ham namoyon bo‘ladi.
Spektaklda Dadajon singari noziktabiat insonlarning jamiyatdagi o‘rni, ularga bo‘lgan munosabat va inson qadri masalalari ham yumor vositasida yoritiladi. Shu jihatdan «Nasriddin afandi» shunchaki kuldiruvchi komediya emas, balki tomoshabinni inson munosabatlari haqida o‘ylashga undaydigan hayotiy asardir.

Sahnadagi xalqona yumor, qiziqarli voqealar va hayotiy mazmun uyg‘unligi spektaklga o‘ziga xos joziba bag‘ishlagan. Namoyish davomida tomoshabinlar qahramonlar bilan birga kulib, ularning taqdiriga befarq qolmadilar. Xalqimizning sevimli san’atkorlari Asqar Hikmatov, Muslim Yunusov va Baxtiyor To‘rg‘unovning ijrosi esa tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
Spektakl yakunida Nodirbek Sayfullayev teatrning ijodiy jamoasi hamda soha mutaxassislari bilan uchrashib, teatrdagi ijodiy jarayonlar yuzasidan fikr almashdi. Suhbat davomida spektaklning yutuqlari, uning tomoshabinlar qamrovini kengaytirish va yanada ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
«Nasriddin Afandi»ga qiziqish faqat teatr zali bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Spektakldan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan lavhalar ham keng auditoriya e’tiborini tortmoqda. Bu esa spektaklga bo‘lgan qiziqishning yuqoriligini ko‘rsatishi bilan birga, teatr san’atini zamonaviy raqamli maydon orqali keng auditoriyaga yetkazish imkoniyatlari tobora ortib borayotganini ham namoyon etadi.
Xalqona yumor, teran mazmun va professional ijroni o‘zida mujassam etgan «Nasriddin Afandi» tomoshabinga nafaqat ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi, balki inson qadri, muhabbat, munosabat va jamiyatdagi ayrim muammolar haqida mushohada yuritishga undaydi.
Sahnada kulgi uyg‘otgan har bir voqea ortida hayotning o‘ziga xos haqiqatlari mujassam. Balki shuning uchun ham Nasriddin Afandining topqirligi, hozirjavobligi va adolatga intilishi bugungi tomoshabin uchun ham qiziq va ta’sirchandir.
«Nasriddin Afandi» – kuldirib turib o‘ylantiradigan, xalqona ruh va hayotiy mazmunni birlashtirgan spektakl sifatida teatr repertuaridan munosib o‘rin egallamoqda.
N.Usmonova, O‘zA