Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Boltiq ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish markazi va Riga oliy huquqshunoslik maktabi hamkorligida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan ommaviy axborot vositalari, blogerlar, matbuot kotiblari, talabalar uchun trening o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqi va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan "O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish, korrupsiyaning keng qamrovli oldini olish" loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Reynis Troksha, Boltiq ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish markazi ijrochi direktori Gunta Sloga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov korrupsiyaga qarshi kurashishda, ushbu illatning oldini olishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Ularning bilim va salohiyatini oshirish orqali korrupsiyaga barham berish seminardan ko‘zlangan asosiy maqsaddir.
Surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha xabardorlik va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan dastlabki treningda ishtirokchilarga jurnalistik surishtiruv asoslari, korrupsiyaviy holatlarni aniqlashda jurnalistik surishtiruvning o‘rni, ommaviy axborot vositalari va internet orqali korrupsiyaning oldini olish va halollikni shakllantirishda o‘ziga xos mexanizmlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro ekspertlar media vakillari bilan korrupsiyaga oid materiallar tayyorlashda ma’lumotlar to‘plash, ulardan foydalanish, tahlil qilish va jamoatchilikka taqdim etishda qonunchilik talablari va kasb etikasiga rioya etish borasida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ishtirokchilar jurnalistik surishtiruv olib borishda soha vakillari uchun mavjud kafolatlar, jurnalistlarning himoyasi, surishtiruv o‘tkazayotganda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan asosiy jihatlar, korrupsiyaga oid jurnalistik materiallarni tayyorlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va o‘zaro fikr almashdi.
[gallery-23812]
Jurnalistik surishtiruv olib borishda faktlarni to‘g‘ri tahlil va talqin qilish, ob’ektivlik va shaffoflikni ta’minlash turli keyslar va amaliy mashg‘ulotlar misolida ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA