Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Boltiq mediani rivojlantirish markazi hamda Riga oliy huquqshunoslik maktabi tomonidan surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha xabardorlik va ko‘nikmalarni oshirishga bag‘ishlangan seminar -trening o‘tkazildi.
Yevropa ittifoqi va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) moliyalashtirayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish. Korrupsiyaning keng qamrovli oldini olish” loyihasi doirasida ashkil etilgan tadbirda jurnalist va blogerlar, axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda jurnalistik surishtiruv tamoyillari va metodologiyasi, axloqiy dilemmalar, mas’uliyatli jurnalistika va qonunchilik, tadqiqot usullari — manbalar bilan ishlash, ma’lumotlarni to‘plash va faktlarni tekshirish, auditoriyani maksimal darajada qamrab olish va ta’sir o‘tkazish uchun nashr strategiyalari, surishtiruv uchun hikoyalarni aniqlash va ularni turli platformalarga moslashtirish kabi mavzularda so‘z yuritildi.
[gallery-23877]
Xalqaro va mahalliy ekspertlar, tajribli jurnalistlar Yevropa, xususan, Boltiqbo‘yi davlatlari ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlari faoliyati misolida jurnalistik surishtiruvning o‘ziga xos talab va mas’uliyati, bu boradagi qonunchilik haqida ma’lumot berdilar.
Xususan, surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha latviyalik yetuk jurnalist Inga Springe jurnalistik surishtiruvda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar, qonunchilik va jurnalistik etika yuzasidan tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Mahalliy ekspert, Anhor.uz sayti bosh muharriri Lola Islomova bugungi kunda yurtimizdagi jurnalist va blogerlar tomonidan tayyorlanayotgan jurnalistik surishtiruv materiallarining sifati, asosiy yo‘nalishlari haqida so‘z yuritib, bunda qaysi manbaalardan foydalanish, qonunchilikka e’tibor qaratdi.
Seminar- trening davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar, shuningdek, guruhlarga bo‘linib mashg‘ulot jarayonlarida qatnashdilar.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari