9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
Korrupsiya jamiyat va davlatga keng ko‘lamli vayronkor ta’sir ko‘rsatadigan yashirin xavf bo‘lib, demokratiya, qonun ustuvorligi va bozor iqtisodiyotiga ulkan zarar yetkazadi, inson huquqi buzilishiga olib keladi. Korrupsiya oqibatida aholining farovonligi, yashash darajasi va sifati pasayib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga boshqa tahdidlar keng tarqaladi.
Ushbu zararli hodisa katta-yu kichik barcha mamlakatlarda mavjud, ammo rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiyaning xatari halokatlidir. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, zaif qatlamiga ko‘proq zarar yetkazadigan ushbu illat dastlab taraqqiyotga yo‘naltirilgan mablag‘ga chang soladi, hukumatni esa asosiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum qiladi. Past iqtisodiy ko‘rsatkichning asosiy sababi sifatida kambag‘allikni qisqartirish va rivojlanish yo‘liga jiddiy to‘siq qo‘yadi.
Har yili dunyo bo‘ylab korrupsiya sabab taxminan 2,6 trillion dollar o‘g‘irlanadi. Bu butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ham ko‘p. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturiga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar korrupsiya oqibatida rasmiy rivojlanish dasturlari orqali keladigan yordamdan o‘n barobar ziyod pul yo‘qotadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash haqida so‘z borganda, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining ushbu sohadagi “Bosh qomusi” – BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi esga olinadi. Meksikaning Merida shahrida 2003 yil 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada 2003 yil 31 oktyabrda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat imzolash uchun ochiq, deb e’lon qilindi va bugungi kunga qadar 192 davlat ayni jarayonga qo‘shilgan.
Insonlarga korrupsiya shunchaki “maishiy muammo” emas, balki qashshoqlik, siyosiy beqarorlik va jinoyatchilikning asosiy ildizi ekanini eslatish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirish, shuningdek davlat idoralari, xususiy sektor vakillari, nodavlat tashkilotlar va oddiy fuqarolarni korrupsiyaga qarshi yagona jabhaga birlashtirish maqsadida 2004 yildan boshlab 9 dekabr butun dunyoda Jahon korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi konvensiya qabul qilinishi xalqaro hamjamiyat mazkur illatning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashishga qat’iy bel bog‘laganini aniq ko‘rsatdi. Konvensiya halollik, qonun ustuvorligini hurmat qilish, rivojlanish jarayonida hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash hamda dunyoni hamma uchun yanada yaxshilashga intilish kabi asosiy qadriyatlar ahamiyatini tasdiqlaydi.
Hujjat mamlakatlar korrupsiyaga qarshi milliy qonunchilikni takomillashtirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan standart, chora va ko‘rsatmalarning keng qamrovli to‘plamini taklif etadi.
Avvalo, Konvensiya muammoga qarshi kurashning to‘rt mustahkam ustunini belgilaydi. Birinchi va eng muhim jihat – korrupsiyaning oldini olish. Ishtirokchi davlatlardan jamiyatda korrupsiyaga qarshi mustahkam “immunitet” hosil qilish talab etiladi. Bu davlat xizmatiga munosib kadrlar tanlash, odob-axloq qoidasiga rioya qilish, davlat xaridi va byudjet mablag‘i maqsadli ishlatilishini nazorat qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadni legallashtirishning oldini olish, davlat idoralarining jamoatchilik oldidagi hisobdorligi kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishini taqozo etadi.
Shu bilan birga Konvensiya “jazo muqarrarligi” tamoyilini ham ilgari suradi. Ya’ni, nafaqat oddiy poraxo‘rlik yoki o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish, balki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, xizmat mavqeidan g‘arazli maqsadda foydalanish, noqonuniy tarzda boylik orttirish va jinoiy daromadni o‘zlashtirish kabi qilmishlar ham qat’iy jinoiy ta’qib ostiga olinishi shart.
Ayniqsa, 20-moddada ko‘rsatilgan “Noqonuniy boylik orttirish” konsepsiyasi mansabdor shaxsning aktivi uning rasmiy daromadidan keskin oshib ketishi holatini jinoyat sifatida baholashga chaqiruvchi inqilobiy g‘oya hisoblanadi. Hozircha milliy qonunchilikda jinoyat hisoblanmaydigan bunday harakat kelgusida jinoiy ta’qib ostiga olinishi ehtimoli mavjud.
Konvensiyaning yana bir strategik maqsadi – korrupsionerlar uchun dunyo xaritasida “xavfsiz boshpana” qoldirmaslik. Ilgari xalq mulkini o‘g‘irlab, xorijga qochib ketganlar jazodan qutulib qolishi mumkin edi. Endi esa davlatlar o‘rtasida ekstraditsiya va o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘li ochilgan.
Eng muhimi, Konvensiya bilan tarixda ilk bor o‘g‘irlangan aktivni qaytarish mexanizmi joriy etildi. Demak, korrupsiya yo‘li bilan topilgan va chet elga olib chiqib ketilgan boylik musodara qilinib, qonuniy egasi – o‘sha mamlakat xalqi taraqqiyoti uchun qaytarilishi kafolatlangan.
Mazkur hujjat korrupsiyani mahalliy muammodan transmilliy xavfsizlik masalasiga aylantirdi va ishtirokchi davlatlardan faqat jinoyatchini jazolash emas, balki korrupsiyadan xoli adolatli tizim yaratishni talab qilmoqda. Binobarin, Konvensiya ishtirokchisi sifatida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani ta’qib qilish, davlat idoralari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitni bartaraf etish, shuningdek davlat xizmatini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilyapti. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida munosabatda bo‘lish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, avvallari talab qilingan 120 turdagi hujjat, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Elektron davlat xizmati soni 15 karra ortib, 721 turga yetdi. Xizmatdan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi. Ushbu choralar yurtimizda maishiy korrupsiya darajasi sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ldi.
Ilgari korrupsiyaga qarshi kurash turli idoralar o‘rtasida tarqoq holda amalga oshiriib kelingan. Binobarin, 2020 yil Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va ayni yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi va ushbu jarayonda ishtirok etuvchi idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash tashkil etilishi mamlakatimiz mazkur illatga qarshi o‘ta murosasiz ekanini ko‘rsatuvchi siyosiy iroda namunasidir.
Qolaversa, “Davlat xaridi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi bilan shu jabhada korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat xaridi maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat) narxining jamoatchilik uchun shaffofligi ta’minlandi, davlat idora va tashkilotlarida ochiqlikka erishish bo‘yicha masofaviy monitoring tartibi, davlat xaridida Yagona yetkazib beruvchi reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu tashabbuslar davlat xaridida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga xizmat qilmoqda.
2024 yil “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, bu borada tegishli huquqiy asos yaratildi. Qonun bilan davlat idorasi yoki boshqa tashkilot xodimi faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklov, ayni jarayon bilan bog‘liq munosabatni davlat tomonidan tartibga solish, shu to‘g‘ridagi axborotni oshkor etish va bunday holatni aniqlashga doir choralar belgilandi.
Korrupsiya darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tashkilot reytingi natijasi ham yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini ko‘rsatmoqda.
Ijobiy ishlar bilan bir qatorda hali sohada to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyat, e’tibor qaratilishi lozim masalalar bisyor. Shunday ekan, kelgusida asosiy e’tiborni shakllantirilgan muayyan qonunchilik bazasining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, jazo muqarrarligi tamoyilini to‘liq qaror toptirishga qaratish lozim.
Muxtasar aytganda, faqat mavjud huquqiy mexanizmni to‘liq ishga solish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqaligina korrupsiyani jilovlashda ko‘zlangan natijaga erisha olamiz. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatdagina taraqqiyot va barqarorlik kafolatlanadi.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti