Boş qomusimiz har bir fuqaroning kundalik hayotidagi işonçli tayançi
Insonning mehnat qiliş, taʼlim oliş, mulkka egalik qiliş, tadbirkorlik bilan şuğullaniş va öz fikrini erkin bildiriş huquqlari Konstitutsiya bilan kafolatlangan.
Bu huquqlarning davlat organlari yoki mansabdor şaxslar tomonidan asossiz çeklanmasligi, qonun ustuvorligining taʼminlanişi esa huquqiy davlatning asosiy belgilaridir.
8-dekabr — Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun oldidan «Özatom» agentligining yuridik bölimi boş yuriskonsulti Bekzod Ortiqov Boş qomusimizning inson huquqlarini himoya qiliş, davlat va jamiyat hayotini huquqiy jihatdan tartibga soliş hamda huquqiy davlatni şakllantirişdagi ahamiyatiga töxtalib ötdi.
— Konstitutsiya nafaqat davlat va jamiyat hayotining asosiy huquqiy hujjati, balki inson huquq va erkinliklarining, qonun ustuvorligining hamda huquqiy davlatning eng muhim kafolatidir. Uning haqiqiy ahamiyati esa belgilangan qoidalarning hayotda qay darajada amal qilişi bilan ölçanadi.
Huquqiy davlatda davlat hokimiyati qonun bilan çeklangan böladi. Yaʼni davlat organlari va mansabdor şaxslar öz vakolatlarini faqat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan doirada amalga oşirişi şart. Bunda inson, uning hayoti, erkinligi, şaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi.
Özbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq davlatçilikning mustahkam huquqiy asoslarini yaratişga alohida eʼtibor qaratildi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan birinçi Konstitutsiya mustaqil davlatning huquqiy poydevorini şakllantirdi. Keyingi yillarda jamiyat va davlat boşqaruvida yuz bergan özgarişlar konstitutsiyaviy normalarni takomillaştiriş zaruratini yuzaga keltirdi. Şu bois 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilindi.
Unda «Inson — jamiyat — davlat» tamoyili asosiy ğoya sifatida belgilandi. Özbekiston huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb eʼlon qilindi. Ayniqsa, ijtimoiy davlat tamoyili taʼlim, tibbiyot, ijtimoiy taʼminot, munosib mehnat şaroitlarini yaratiş va ehtiyojmand aholini qöllab-quvvatlaş borasida davlatning masʼuliyatini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.
Yangi tahrirda inson huquqlarini taʼminlaşga qaratilgan bir qator muhim kafolatlar ham kuçaytirildi. Jumladan, inson huquq va erkinliklari bevosita amal qilişi, qonunçilikdagi ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilişi, davlat organlari qöllaydigan huquqiy taʼsir çoralari mutanosib bölişi belgilandi.
Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik erkinligiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Mulkdor öz mol-mulkidan faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda, sud qarori asosida mahrum etilişi mumkin. Turar joydan mahrum qilişda esa qonunda belgilangan hollarda uning qiymati va yetkazilgan zarar oldindan hamda teng qiymatda qoplanişi kafolatlangan. Bu normalar fuqarolar huquqlarini himoya qiliş bilan birga, investitsiyaviy muhitni yaxşilaş va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaşga ham xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy kafolatlarning amaliy ahamiyati insonning kundalik hayotida ham namoyon böladi. Masalan, şaxsning erkinligi va daxlsizligi kafolatlangan bölib, sud qarorisiz uni 48 soatdan ortiq uşlab turiş mumkin emas. Şuningdek, har bir inson fikrlaş, söz va eʼtiqod erkinligiga, axborot izlaş, oliş va tarqatiş huquqiga ega.
Bunday kafolatlarning samarali işlaşi uçun sud hokimiyati mustaqilligi ham muhim. Fuqarolar huquqlari buzilganda ularni tiklaş imkoniyatiga ega bölişi, sudlar esa nizolarni xolis va qonun asosida körib çiqişi lozim. Konstitutsiyaviy sud faoliyati ham konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlaşda alohida örin tutadi. Xususan, fuqarolar va yuridik şaxslar sud himoyasining barça vositalaridan foydalanib bölganidan keyin muayyan işda özlariga nisbatan qöllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekşiriş yuzasidan konstitutsiyaviy şikoyat bilan murojaat qiliş huquqiga ega.
Şu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatçilik nazorati davlat organlari faoliyatining oçiqligi va şaffofligini taʼminlaşda muhim ahamiyat kasb etadi.
Huquqiy davlatni şakllantirişda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati ham muhim örin tutadi. Har bir inson öz huquq va majburiyatlarini bilişi, huquqlari buzilganda qonuniy himoya mexanizmlaridan foydalanişi, şuningdek, boşqalarning huquq va erkinliklarini hurmat qilişi kerak. Ayniqsa, yoşlar örtasida konstitutsiyaviy savodxonlikni oşiriş va işonçli huquqiy axborot manbalaridan foydalaniş könikmalarini şakllantiriş dolzarbdir. Bunda «Lex.uz» portali, şuningdek, Konstitutsiyaviy sud va vakolatli davlat organlarining rasmiy manbalari muhim ahamiyatga ega.
8-dekabr — Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Bu sana nafaqat tarixiy voqeani yodga oliş, balki Konstitutsiyada belgilangan tamoyillarning hayotimizdagi ahamiyatini yana bir bor anglaş uçun ham muhimdir.
Zero, Konstitutsiyaning asosiy maqsadi davlat hokimiyatini mustahkamlaşdan köra, insonni himoya qiliş, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini taʼminlaş orqali adolatli jamiyat barpo etişdir.
ÖzA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.