Korrupsiya – jamiyat rivojiga xavf soluvchi ijtimoiy xavfli hodisa
Mustaqil Oʻzbekiston oʻzi tanlagan taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayapti.
Mustaqil Oʻzbekiston oʻzi tanlagan taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayapti. Milliy manfaatlarimizni inobatga olgan holda olib borilayotgan izchil ichki va tashqi siyosat davlatimizning jaxon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilishini, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtiborini ortib borishini taʼminlab kelmoqda.
Hozirda butun dunyodaga davlatlar taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, barchani tashvishga solayotgan korrupsiya xavfi ortib bormoqda. Korrupsiya – siyosat va davlat boshqaruvi sohasidagi ijtimoiy xavfli xodisa boʻlib, davlat funksiyalarini bajarish vakolatiga ega boʻlgan yoki ularga tenglashtirilgan shaxslarning noqonuniy tarzda moddiy va boshqa boyliklar, imtiyozlarni olishda oʻz maqomi va u bilan bogʻliq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek, bu boylik imtiyozlarni jismoniy yoki yuridik shaxslar qonunga xilof ravishda egallashiga imkon berishida ifodalanadi.
Korrupsiyaga qarshi yer yuzidagi barcha davlatlarda qattiq kurash olib borilmoqda. Xatto BMT ham bu illatni eng global muammolardan biri sifatida eʼtirof etib, unga qarshi kurashish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.
Xususan, BMT tomonidan 2003-yil 31-oktyabrda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi” xalqaro-huquqiy xujjat boʻlib, uning loyixasi ikki yil davomida 130 ortiq davlat ishtirokida muhokama etilgan edi. Unda korrupsiyaga qarshi halqaro va milliy kurash amaliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgan edi. Oʻzbekiston ushbu konvensiyaga 2008-yil 7-iyulda qoʻshilgan.
Mamlakatimizda muntazam ravishda mazkur illatning sabablarini aniqlash va bartaraf etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi. Qonundan koʻzlangan maqsad korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Xujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyatining oʻzaro hamkorligi, korrupsiyadan ogoxlantirish va javobgarlikning muqarrarligi boʻyicha choralar ustuvorligi keltirib oʻtilgan.
Shuningdek, qonunda davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyadan ogoxlantirish boʻyicha choralar keltirib oʻtilgan. Xususan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini taʼminlash, parlament va jamoatchilik nazorati, mansabdor shaxslar faoliyati sifatini baxolash hamda ishga qabul qilish va mansab pillapoyalaridan koʻtarilishida ochiqlik va holislik tamoyili asosida tanlovli saralashlarni olib borish tizimlarini joriy etish belgilangan.
Qonunga koʻra, davlat organi xodimi biror bir shaxs tomonidan uni korrupsion huquqbuzarlikni sodir etishga daʼvat qilish holati, shuningdek, boshqa ishchilar tomonidan shu kabi holatlarning amalga oshirilishi boʻyicha unga oshkor boʻlgan maʼlumotlarni oʻz rahbari yoki huquqni muxofaza qiliuvchi organlarga murojaat etishi lozimligi belgilab qoʻyilgan. Mazkur majburiyatlarni bajarilmasligi qonunchilikka muvofiq tegishli ravishda jazoga tortilishi ham belgilangan.
Yuqoridagilardan tashqari qonunda korrupsiyaon jinoyat toʻgʻrisida oshkor qilgan shaxs davlat himoyasi ostiga olinishi, biroq, ushbu qoida yolgʻon maʼlumotlarni tadqim etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanmasligi ham belgilab qoʻyilgan.
Har qanday jinoyatchilik, shu jumladan, korrupsiya ham jamiyat rivojiga toʻsqinlik qiladi. Chunki ular fuqarolarda davlatga, qonunlarga ishonchsizlik, ularni hurmat qilmaslik ruhini vujudga keltiradi. Korrupsiya nihoyatda keng qamrovli hodisa boʻlib, uni umumijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy, kriminalogik va huquqiy maʼnoda tushunish mumkin.
Korrupsiyaning eng xavfli tomoni shundaki, davlat xizmatchisi hisoblanuvchi mansabdor shaxs maʼlum haq, yaʼni pora evaziga ikkinchi tomon-pora beruvchining qonunga zid boʻlgan talabini bajaradi yoki uning gʻayriqonuniy qilmishlaridan koʻz yumadi, bu esa davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarbligi shundaki, ushbu ijtimoiy jihatdan salbiy hodisaning vujudga kelish sabablari, huquqiy va kriminalogik jihatlarini oʻrganish bu illatga qarshi kurash samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Korrupsiyaga uyushgan jinoyatchilikning hokimiyat organlari faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishning asosiy shakllaridan biri sifatida qarash vaqti keldi. Korrupsiyalashgan davlat xizmatchilari ishtirokida juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlaridan maqsadga nomuvofiq ravishda foydalaniladi.
Bugungi iqtisodiy shart–sharoitlardan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun, avvalo, kadrlar bilan ishlash takomillashtirilishi lozim, yaʼni xizmatga olinayotgan shaxslarning oʻz xizmat vazifasidan boylik orttirish maqsadida foydalanmasliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining asosiy vazifasi jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish ekani tushuntirilishi kerak.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.06.2020-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentlagi tashkil etilib, agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, OAV, fuqarolik jamiati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarinining birgalikda samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi halqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilning 30-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida sudyalar, senatorlar va deputatalar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tergovchilar va mahalliy hokimiyat vakillar ishtirokida oʻtkazilgan “Odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi videoselektor yigʻilishida ham bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar xususida soʻz yuritilib, kerakli topshiriqlar berildi.
Xulosa oʻrnida, shuni taʼkidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy tizimi yaratildi, endilikda bu yoʻlda hamjihat boʻlib, vatan ravnaqi uchun, odamlarning yaxshi yashashi uchun, odamlarning kelajakka ishonchi ortishi uchun jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyani oldini olish, unga qarshi kurashish oʻz qoʻlimizda.
Sherali Xomidov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudi sudyasi