Körgazmali seminar bölib ötdi
Bir ayolning tadbirkorlikka qöygan qadami nafaqat öz oilasi daromadini oşiradi, balki boşqa xotin-qizlar uçun ham iş örni yaratişi mumkin. Buning uçun taşabbusni qöllab-quvvatlaş, biznes ğoyalarni amalga oşirişga kömaklaşiş muhim. Oqoltin tumanida ötkazilgan «Ayollar biznesi — yangi marralar sari» mavzusidagi körgazmali seminarda ana şu imkoniyatlar, ularning amaliy natijalari va istiqboldagi rejalar xususida söz bordi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi örinbosari, Oila va xotin-qizlar boşqarmasi boşliği Nargiza Tojiboyeva iştirok etib, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oşiriş, ularni tadbirkorlikka jalb etiş, bandligini taʼminlaş borasida amalga oşirilayotgan işlarga töxtaldi. Şuningdek, taşabbuskor ayollarning biznes ğoyalarini qöllab-quvvatlaş, mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalaniş muhimligini taʼkidladi.

Seminar doirasida imtiyozli kreditlar yordamida öz biznesini yölga qöygan xotin-qizlarning mahsulot va xizmatlari körgazmasi taşkil etildi. Tikuvçilik, pazandaçilik, parrandaçilik, hunarmandçilik va gözallik xizmati kabi yönalişlardagi işlar iştirokçilar eʼtiborini tortdi.

Körgazmada namoyiş etilgan har bir mahsulot ortida ayolning mehnati, izlanişi va tadbirkorlikka bölgan intilişi mujassam. Bu misollar hunarni daromad manbaiga aylantiriş, kiçik taşabbus orqali mustaqil faoliyatni yölga qöyiş mumkinligini körsatdi.

Tadbirning amaliy natijalaridan yana biri — faoliyatini kengaytiriş va qöşimça iş örinlari yaratiş istagidagi 10 nafar tadbirkor xotin-qizning har biriga 30 million sömlik imtiyozli kredit vauçerlari topşirilganidir. Bu kömak ularning biznes rejalarini amalga oşiriş, işlab çiqariş va xizmat körsatiş hajmini oşiriş, yangi iş örinlari taşkil etişi uçun qöşimça imkoniyat yaratadi.

Xöş, bu kabi moliyaviy kömak va tadbirkorlik imkoniyatlari tumanda xotin-qizlar bandligiga qanday taʼsir körsatmoqda?
— Tumanimizda xotin-qizlarni moliyaviy qöllab-quvvatlaş, işsiz ayollarni kasb-hunarga örgatiş, özlari qiziqqan yönalişlarda bilim va könikmalarini oşiriş, şuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boşlaş istagidagilarga kömaklaşiş borasida tizimli işlar olib borilmoqda. Buning natijasida joriy yilning özida «Ayollar daftari»ning 7-bosqiçi doirasida 207 nafar xotin-qizga 4,2 milliard söm, «Mahalla loyihasi» orqali 48 nafar fuqaroga 3,4 milliard söm, «Biznesga birinçi qadam» dasturi asosida 52 nafar mijozga 1,2 milliard söm hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantiriş dasturi orqali 258 nafar mijozga 11,7 milliard söm kredit mablağlari ajratildi. Eng muhimi, bu boradagi işlar izçil davom ettirilmoqda. Bunda viloyat va tuman hokimliklari, viloyat Oila va xotin-qizlar boşqarmasi hamda tijorat banklarining kömagi muhim ahamiyat kasb etmoqda, — dedi tuman Xalq bank filiali rahbarining xotin-qizlar masalalari böyiça örinbosari Sohiba Ibodullayeva.

Darhaqiqat, ajratilgan kreditlar va yaratilgan imkoniyatlardan közlangan maqsad faqat moliyaviy yordam körsatiş emas. Muhimi, ayollar bu imkoniyatlardan foydalanib, öz kasbi va hunarini daromad manbaiga aylantirişi, mustaqil faoliyat yuritişi va boşqalarning ham bandligini taʼminlaşidir.

Seminarda iştirok etgan Gulbahor Qoraboyeva ham ana şunday imkoniyatdan foydalanib, milliy hunarmandçilik yönalişidagi faoliyatini kengaytirişni maqsad qilgan.
— Kaştaçilik böyiça tajribam bor. Ammo öz faoliyatimni kengaytiriş, milliy hunarmandçilikni rivojlantiriş va yangi iş örni yaratiş uçun moliyaviy kömakka ehtiyoj sezayotgandim. Bugun menga ham 30 million sömlik imtiyozli kredit vauçeri taqdim etildi. Bu rejalarimni amalga oşiriş uçun katta turtki böldi. Endi milliy anʼanalarimiz va zamonaviy uslublarni uyğunlaştirgan holda kaşta va sözanalar tayyorlaş, ularni içki va taşqi bozorga olib çiqiş niyatidaman. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, boşqa xotin-qizlarni ham iş bilan taʼminlaşni istayman, — dedi Gulbahor Qoraboyeva.

Körgazmali seminar iştirokçilar uçun nafaqat öz mahsulot va xizmatlarini namoyiş etiş, balki tajriba almaşiş, yangi hamkorlik aloqalarini örnatiş va istiqbolli taşabbuslarini ilgari suriş maydoniga ham aylandi. Ayniqsa, tadbirkorlikni boşlaş istagidagi ayollar uçun muvaffaqiyatli loyihalar bilan tanişiş, öz imkoniyatlarini baholaş va kelgusi rejalarini belgilab oliş muhim ahamiyat kasb etdi.
Muhimi, ayolga berilgan imkoniyat — bir oilaning daromadi, bir mahallaning iqtisodiy faolligi va jamiyatdagi bandlikning oşişi demakdir. Taşabbus qöllab-quvvatlansa, hunar biznesga, biznes esa yangi iş örinlariga aylanadi.
Ğulom Primov, ÖzA muxbiri