Xotin-qizlar uchun Bo‘stonliq seminari
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi ayollar va “Oqila ayollar" harakati a’zolari uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi oromgohda ma’naviy-ma’rifiy seminar o‘tkazildi.
Ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida to‘rtinchi bor o‘tkazilgan tadbirda 200 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtirok etdi.
– Bu shunchaki so‘lim tog‘ bag‘rida dam olish emas, balki hayotga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirish, yangi bilim va tajriba orttirish imkoniyati ham bo‘ldi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva. – Seminar-treninglarda psixolog, huquqshunos, bank va moliya sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Asosiy maqsad jamiyatda unchalik faol bo‘lmagan ayollarni ruhlantirish, ularga kelajakka ishonch bilan qarash va yangi g‘oyalar asosida harakat qilish imkonini yaratishdir.

Ishtirokchilar nafaqat bilim ko‘nikmasini oshirdi, amaliy maslahatlar oldi, balki Bo‘stonliqning go‘zal tabiatidan bahramand bo‘lishdi.
– Men uchun bu tadbir juda foydali bo‘ldi. Savollarimga mutaxassislardan aniq va atroflicha javob oldim, – deydi Mirzaobod tumanida yashovchi Saodat Jo‘rayeva. – Endi o‘z g‘oyalarim asosida faoliyat boshlashga ishonchim ortdi.

– Hukumatimizning ayollarga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi hamsafarlarimizni ruhlantirdi, – dedi “Oydin yo‘li” xotin-qizlar gazetasi bosh muharriri Dilorom Esanova. – Safar davomida men gazetamiz uchun navbatdagi qahramonlarni topdim. Turli muammolarga qaramay, hayotiga yangicha ruh bag‘ishlayotgan, tinimsiz mehnat qilayotgan opa-singillarimizning yuksak salohiyati haqida maqolalar tayyorlashni niyat qildim.

Bunday loyihalar xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, “Ayollar daftari” doirasida tashkil etilayotgan har bir motivatsion tadbir jamiyatda ayollar nufuzi va faol ishtirokining yanada yuksalayotganidan dalolat beradi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri