Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida yangilik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish va boshqaruvchi tashkilotlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrga qadar muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud uy-joy mulkdorlari shirkatlari endi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Ta’kidlash joizki, respublikada faoliyat olib borayotgan 772 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlarining 311 tasida muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud bo‘lib, 2,5 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga tegishli xizmatlar ko‘rsatilmay yoki sifatsiz ko‘rsatib kelinmoqda edi.
Endi hammasi ijobiy tomonga o‘zgaradi.
Buning uchun muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud uy-joy mulkdorlari shirkatining boshqaruv usulini o‘zgartirish bo‘yicha uy-joy mulkdorlari umumiy yig‘ilishi qarori lozim bo‘ladi.
Muammoli bank kreditlari mavjud uy-joy mulkdorlari shirkatlari tegishli xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarining xulosasi olinganda tugatiladi.
Tugatilgan yoki boshqarish usuli o‘zgartirilgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarining boshqaruvida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish uchun reytingi yuqori bo‘lgan boshqaruvchi tashkilotlar jalb qilinadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi jalb qilingan tashkilot faoliyatini, shu jumladan u tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini olti oy mobaynida monitoring qiladi va qoidalarga rioya qilmagan boshqaruvchi tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llaydi.
2022 yil 1 noyabrdan boshlab ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘z faoliyatlarini elektron reyestrga kiritilganliklaridan so‘ng amalga oshira boshlashadi.
O‘zA