Konstitutsiyaviy sud va Biznes ombudsmanning o‘zaro hamkorligi – tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlariga xizmat qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatidan faqat tadbirkorlar manfaat topishi, shubhasiz.
Ma’lumki, Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Qonunga muvofiq, mansabdor shaxs hisoblanadi. U tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquqlar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini ta’minlaydi.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot beradi.
Ko‘rinib turibdiki, Vakilning vakolatlari juda keng. Bir qarashda qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga Vakilning imkoniyatlari yetarli bir jihatdan. Biroq, amalda doim ham bunday bo‘lavermasligi mumkin.
Chunki, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari faqat mansabdor shaxslar va davlat organlarining harakati yoki harakatsizligi bilan buzilsa, Vakil o‘zining vakolatlari doirasida ularni bartaraf etishi mumkin bo‘ladi. Biroq, tadbirkorlik sub’ektlarining Konstitutsiyada belgilangan huquqlari va qonuniy manfaatlari Qonun yoki ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarida buzilsa, uni qanday bartaraf etadi?
To‘g‘ri, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikda aniqlangan buzilishlarni, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnoma Vakil tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga kiritilishi mumkin.
Biroq, Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat chiqargan hujjatlar tadbirkorlik sub’ektlarining Konstitutsiya bilan mustahkamlangan huquqlarini buzganda, Vakil qanday yo‘l tutishi kerak?
Bunday vaqtlarda faqat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Vakilga yordamga kelishi mumkin. Chunki, Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatning Konstitutsiyaga zid bo‘lgan hujjatlari faqat Konstitutsiyaviy sud tomonidan bekor qilinishi qonunchilikda mustahkamlangan.
Demak, Konstitutsiyaviy sud va Biznes ombudsmanning o‘zaro samarali hamkorligi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi, deb bemalol aytaolamiz.
Yaxshi bilasiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga ko‘ra har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 65-moddasida “Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi.
Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”ligi belgilangan.
Asosiy Qonunning 66-moddasiga asosan, “Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.”
Konstitutsiyaning 67-moddasiga binoan, “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.”
Shu o‘rinda Konstitutsiyaning 67-moddasi uchinchi qismida belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi, degan normaga alohida e’tibor qaratsak.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida Axborotida aynan ushbu masalaga alohida urg‘u berilgan edi.
Nima sababdan Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yili taqdim etadigan Axborotda “O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi” degan mazmundagi konstitutsiyaviy normaga e’tibor qaratdi. Bunga qanday omillar sabab bo‘ldi.
Xullas, o‘rganishlar shuni ko‘satdiki, ayrim viloyat hokimliklari o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarda tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini viloyat hududidan chetga olib chiqishiga, e’tibor bering respublikadan emas, balki viloyatdan chetga olib chiqishiga taqiq qo‘ygan.
Bunday taqiq qo‘yishga viloyat dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qimmatlab ketishi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan.
Aslida, viloyat hokimligi bunday sababni ro‘kach qilib, tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan mahsulotlarni erkin harakatlanishiga taqiq qo‘yishlari mumkin emas edi.
Vaholanki, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakat Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlangan. Demak, hokimliklarni normativ-huquqiy hujjatlari Konstitutsiyaga zid ravishda qabul qilingan.
Keltirilgan misol, kelgusida Konstitutsiyaviy sud va Vakil o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik mamlakat iqtisodiyotining yetakchi kuchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxsan nazoratida ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqorida nomlari qayd etilgan organlarning o‘zaro hamkorligining ahamiyati nechog‘li ekanini tasavvur qilish qiyin emas.
Abdumannob Rahimov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyasi.
O‘zA