Muayyan vaqt o‘tishi bilan har qanday qonun hujjatlarini zamon bilan hamnafas tarzda jamiyatning turmush tarziga moslashtirish zaruriy ehtiyojga aylanadi. Xususan O‘zbekiston Respublikasida ham ushbu jarayonlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizning bosh Qomusini yangi tahrirda jamiyat hayotiga tatbiq etish fuqarolarimizning farovon turmush tarziga xizmat qilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun kiritilgan o‘zgarish va yangiliklar yuzasidan xalqimizning fikr-mulohazalari o‘rganildi. Jarayonda fuqarolarimizning ham taklif tavsiyalari inobatga olinish bilan birga, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi ham e’tibordan chetda qolmadi.
Konstitutsiyaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u o‘zida nafaqat huquqiy va siyosiy fikrlashning oliy yutuqlarini, balki boy tarixiy tajribani ham mujassamlashtiradi. Uni ishlab chiqishda o‘zbek xalqining chuqur huquqiy-tarixiy an’analari alohida ahamiyat kasb etadi. Har qanday qonun, ayniqsa, konstitutsiyadek bosh qonun, agar xalqning tarixiy qadriyatlari, milliy urf-odatlari, asrlar davomida shakllangan e’tiqodlarini o‘zida yetarli darajada aks ettirmasa, uning hayoti qisqa bo‘ladi, u jamiyat uchun xizmat qilmaydi. Har qanday qonun hujjati xalq manfaatlari va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy mexanizmi inson qadriga xizmat qilish uchun muvofiqlashtirildi. Konstitutsiyada davlat faoliyati qonun ustuvorligi, qonuniylik prinsipi asosida amalga oshirilishi belgilab berilgan. Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekistonning huquqiy davlat etib belgilanishi barchaning qonun oldida tengligini va qonundan hech kim ustun emasligini ta’minlash, insonlar ongiga, davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam asos bo‘ldi.
Huquqiy jamiyatda barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar konstitutsiyaviy norma va prinsiplarga og‘ishmay amal qiladi. Demokratik davlat Konstitutsiyasining eng asosiy xususiyatlaridan biri uning oliy yuridik kuchga ega ekanligidadir. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiya qonunchilik tizimidagi barcha huquqiy hujjatlar ichida eng yuqori o‘rinda turadi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustundir.
Bosh qomusimizning asosiy prinsiplarini davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, tashqi siyosat tashkil etadi.
Shuningdek, insonga nisbatan davlatning huquqiy ta’sir choralari qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi shartligi hamda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha qarama-qarshiliklar, noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi mustahkamlandi.
Shunday qilib, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi hamda mamlakatning butun hududida qo‘llanishi huquqiy davlatning muhim va asosiy shartlaridan biridir.
Abdug‘affor TOLIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat
xavfsizligi universiteti dotsenti