| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Konstitutsiya – inson huquq va manfaatlarining kafolati

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Bosh qomusimiz qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya ‒ inson huquq va manfaatlarining kafolati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy sud, Markaziy saylov komissiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Konstitutsiyamizning jamiyat hayoti va mamlakatimiz taraqqiyotidagi muhim o‘rni haqida so‘z bordi.
– Har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yo‘ldagi ulug‘vor maqsad hamda vazifalarini, avvalo, o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlaydi, – dedi IIV Akademiyasi boshlig‘i, general-leytenant Bahodir Matlyubov. – Shu ma’noda, Asosiy qonunimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqargan muhim hujjat sifatida davlatimizning milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi. So‘nggi yillarda Konstitutsiya asosida milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati shakllandi. Jamiyatimizning har bir jabhasida konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalar asosida olib borilayotgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Muhimi, bu jarayonda fuqarolarimizning siyosiy-ijtimoiy faolligi, ma’naviy-huquqiy dunyoqarashi, yurtga daxldorlik hissi ham kuchayib borayapti.
Ilmiy-amaliy anjumanda so‘zga chiqqanlar Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyati, davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish va isloh etishga qaratilgan islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga atroflicha to‘xtalishdi. Ta’kidlab o‘tilganidek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar hayotimizga faol tatbiq etilmoqda. Yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillari Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, jamiyat hayotining barcha sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shishmoqda. Bu ham Bosh qomusimizda nazarda tutilgan inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat xisoblanadi, degan ulug‘vor tamoyilning amaliy ifodasidir.
– Ichki ishlar tizimidagi tub islohotlar zamirida sohani xalqparvar tuzilmaga aylantirish, xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning og‘irini yengil qilish, tashvish va muammolariga ko‘maklashish kabi ustuvor vazifalar turibdi. Fuqarolarning haq-huquqlarini ta’minlash kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallash barobarida, Konstitutsiya va qonunlarni kelgusi xizmat faoliyatimizda samarali qo‘llashni ham taqozo etadi, – deydi IIV Akademiyasining 3-bosqich kursanti Sevara Baxtiyarova.
Dolzarb mulohazalarga boy o‘tgan anjuman davomida “Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarning jamiyat hayoti uchun ahamiyati”, “Konstitutsiya va demokratik saylovlar”, “Inson huquq va erkinliklariga oid konstitutsiyaviy qoidalarning amal qilishi masalalari”, “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – mamlakatimiz taraqqiyotining garovi” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Jamshid XOLOV,
katta leytenant.
Muallif: uza




