“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonining Nizomi va tavsifi ham tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni ta’sis etiladi.
Mustaqillik - mard va olijanob xalqimizning qat’iy irodasi, istiqlol yo‘lida kurash olib borgan fidoyi ajdodlarimizning jasorati va matonati bilan qo‘lga kiritilgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarimizning asosi, kelajak avlodlarimiz uchun bezavol yetkazishimiz shart bo‘lgan buyuk va muqaddas qadriyatdir.
Aynan istiqlol tufayli yangilangan Konstitutsiyamiz hamda "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, inson qadr-qimmatini ulug‘lash, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, buyuk tariximiz hamda milliy urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qaror toptirish, mamlakatimizning xalqaro obru- e’tiborini yuksaltirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur farmon mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudrati va salohiyati, jahon maydonidagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘zining ko‘p yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan vatandoshlarimizga berilishi bilan ham qadrli.
Farmon bilan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonining Nizomi va tavsifi ham tasdiqlandi.
"O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, demokratik islohotlarni ruyobga chiqarishga munosib hissa qo‘shgan, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obru-e’tibori va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, inson qadrini ulug‘lash borasidagi ishlarda sidqidildan xizmat qilayotgan, ko‘p yillik samarali mehnati bilan xalqimiz farovonligini yuksaltirish, milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan yurtdoshlarimiz, barcha sohalar vakillari, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda boshqa shaxslar taqdirlanadi.
"O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham takdirlanishi mumkin.
O‘zA