O‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
2023 yil 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasini qabul qildi. Bu davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshdi. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paydi. Ta’kidlash joizki, amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.
Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu hujjatda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida belgilanib, fuqarolarning munosib hayot kechirishi, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlash davlatning asosiy maqsadlaridan biri sifatida qayd etildi.

Jumladan, davlat boshqaruvi va xizmati sohasida ham ilk marotaba qator normalar kiritildi. Davlat xizmatiga kirishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining teng huquqligi Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilishi davlat organlari va tashkilotlarini malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlash bilan birga, sohani yanada rivojlantirish hamda sifat ko‘rsatkichlarining oshishiga xizmat qiladi. Natijada salohiyatli kadrlarning tizimli boshqaruvi asosida hukumat va xalq o‘rtasida o‘zaro mustahkam ishonch paydo bo‘lib, mavjud muammolarning bartaraf etilishi hamda yangi marralar sari dadil odimlashga, aholi farovonligini ta’minlashga erishiladi.
Xalqni rozi qilish, bugungi kunidan shukronalik hissi bilan yashashi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, turmush farovonligini oshirish Yangi O‘zbekistonning eng asosiy strategiyasi va bosh maqsadiga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning yorqin dalili sifatida xalqimizning uy-joy bilan bog‘liq bo‘lgan haq-huquqlari konstitutsiyaviy qonunga alohida modda sifatida kiritilganligi, hech kim sud qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shuningdek, aholining ijtimoiy jihatidan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlanishi bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilganligi ahamiyatlidir.
Shuningdek, Bosh qomusimizda mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, mehnati uchun adolatli haq olish, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi qayd etilgan. Jumladan, ayollarning ijtimoiy himoyasi va gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asosi hamda xalqimizning ko‘plab xohish-istaklari konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarda o‘z aksini topdi.
Xulosa qilib aytganda, konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimizning erkin va farovon hayoti garovidir. Eng muhimi, yangi konstitutsiyamizda asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga qaratilgan.
Hayotbek Akbarov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Andijon filiali rahbari o‘rinbosari.
O‘zA