Konimexda chorvachilik tarmog‘i izchil rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyatida chorvachilikning barcha yo‘nalishlarini izchil rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiya va ilg‘or tajribalarni joriy etish, nasldorlik salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 1-noyabr kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan edi. Unda Konimex tumanida 2024–2026-yillar davomida Mo‘g‘ulistondan go‘sht-jun yo‘nalishidagi nasldor qo‘y va echkilarni olib kelish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan.
[gallery-30504]
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida veterinariya sohasi olimlari tomonidan mahalliy iqlim sharoitiga mos «Bayat» zotli qo‘ylar tanlab olindi. Ushbu zot yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Qo‘ylarning tirik vazni o‘rtacha 70–80 kilogrammni, qo‘chqorlarining vazni esa 100–120 kilogrammgacha yetadi.
Bugungi kunga qadar Mo‘g‘ulistondan Konimex tumaniga 15 mingdan ortiq «Bayat» zotli mayda shoxli chorva mollari olib kelinib, parvarishlanmoqda. Bu esa tumanda naslchilik ishlarini takomillashtirish, go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda tumanda 300 dan ortiq chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularda 631,8 ming bosh mayda shoxli, 28,2 ming bosh yirik shoxli chorva mollari hamda 16,5 ming bosh tuya parvarishlanmoqda.
Shuningdek, chorvachilik tarmog‘ida nasldorlik sifatini yanada yaxshilash maqsadida chorvachilik xo‘jaliklari joylashgan hududlarda 30 ta sun’iy urug‘lantirish punktini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu borada sun’iy urug‘lantirish ishlarini amalga oshiradigan mutaxassislar — inseminatorlarni tayyorlash yuzasidan Konimex tuman hokimligi bilan hamkorlikda o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA