O‘zbekistonda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vakolatxonasi ochilgandan buyon qiymati 130 million dollarga teng 30 dan ortiq loyiha yo‘lga qo‘yildi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalari, kommunal xizmat, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa sohalarda mamlakatimizda 600 dan ziyod ko‘ngilli mutaxassis faoliyat yuritmoqda.
KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan startap, raqamlashtirish sohalarida yoshlar uchun munosib ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan yana uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan “IT Park”da tashkil etilgan qo‘shma seminar davomida ushbu loyihalar haqida umumiy ma’lumot berildi. Dastur doirasida “Koreya texnoparkining o‘rni va Koreya texnoparki modelini mahalliylashtirish” mavzusida maxsus ma’ruza tinglandi.
Jami 15 million dollar ajratilgan mazkur loyihalarning birinchisi – “O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik o‘sishini rag‘batlantirish ekotizimini yaratish” 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startaplarni onlayn, oflayn qo‘llab-quvvatlash orqali ekotizim asosini yaratish, shu bilan bog‘liq tegishli tizimni, muhitni yaxshilashdan iborat.
[gallery-5788]
“Dasturiy ta’minot texnologiyalari parki - IT-Park barqaror rivojlanishi uchun asos yaratish va O‘zbekistonda IT-Park salohiyatni mustahkamlash” nomli ikkinchi loyiha 2021-2025 yillarda amalga oshiriladi. Bu jarayonda O‘zbekiston IT-industriyasi o‘sishi uchun asos yaratish va axborot texnologiyalariga doir kompaniyalar raqobatbardoshligini oshirish, operatsion boshqaruv strategiyasini yaratish orqali institutsional imkoniyatni mustahkamlashga e’tibor qaratiladi.
Uchinchi loyiha asosida 2022-2027 yillar davomida “O‘zbekistondagi eng yaxshi oliy ta’lim uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetida biznes IT-ta’limning innovatsion tizimi yaratiladi”.
- Janubiy Koreyada ham ta’lim, tibbiyot, ekologiya sohalarida startap loyihalari keng qo‘llanadi, - deydi KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin. - Startap ekotizimini rivojlantirishda, avvalo, yoshlar orasida “startap” madaniyatini shakllantirish va keng targ‘ib etish muhim ahamiyatga ega. Aynan yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etish, ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur loyihalar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda IT-Park hamkorligida hayotga tatbiq etiladi.
KOICAning raqamlashtirish va startap dasturi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish, jumladan, yosh avlod uchun munosib ish o‘rinlari ochish, shu bilan birga startap ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu loyihaning maqsadi raqamli iqtisodiyotda innovatsion axborot kommunikatsiyalari texnologiyasi sohasida malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, sanoat va universitetni bog‘lash modellarini yaratish va tarqatish orqali oliy ta’limning yangi modellarini ommalashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
Mazkur seminar yuqorida ta’riflangan uchta loyihani amalga oshirish jarayoni haqida ma’lumot almashish, tegishli sohalarda Koreya va boshqa mamlakatlar bilimi, tajribasini o‘rganish imkonini beradi. Bunday anjumanlarni doimiy ravishda o‘tkazishga kelishib olindi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA