O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullaridan iborat guruh ham Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasiga safarining dastlabki kunida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Yevroosiyo boshqarmasi bosh direktori Chun Chjixen bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqotda ta’kidlanganidek, KOICA rivojlanayotgan davlatlarga beg‘araz yordam dasturlarini amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Tashkilot xorijiy davlatlarda 50 ga yaqin vakolatxonaga ega.
Xususan, 1995 yilda O‘zbekistonda ham o‘z vakolatxonasini ochgan. Ayni paytda mamlakatimizda mazkur nufuzli tashkilot bilan 9 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu orqali ko‘plab mutaxassislarimiz, xususan, tibbiyot xodimlari ham Koreyada stajirovkada bo‘lib qaytmoqda. KOICA loyiha va grantlari ishtirokchisiga aylanyapti.
Jumladan, yaqinda poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga Seul milliy universiteti shifoxonasidan bir guruh tibbiyot sohasidagi mutaxassislar tashrif buyurib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan markazning pediatriya tibbiyot xodimlari salohiyatini oshirish bo‘yicha treninglar va mahorat darslarini o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish uchun grant dasturlari paketini kengaytirish, Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida sanitariya-epidemiologiya xizmati va aholi salomatligini muhofaza qilish tizimi xodimlarini tayyorlashga qaratilgan milliy dasturni amalga oshirish uchun ajratilgan 15 million AQSH dollari miqdorida grant loyihasi ijrosini jadallashtirishga kelishib olindi.
Shuningdek, tibbiyot xodimlarining epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazish va kasalliklar tarqalishiga javob berish qobiliyatini oshirish hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini o‘z ichiga olgan “Innovatsion tibbiyot markazi”ni tashkil qilish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Mezbonlar joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Koreya xalqaro tibbiyot forumida tashkilotchi hamkor sifatida qatnashishga taklif etildi.
M.Qosimova,
O‘zA