Ko‘hna Denov yangilanmoqda
Mustaqilligimizning 33 yilligi oldidan
Denovda bolaligim o‘tgan.. Keyingi yillarda har safar bu tumanga kelsam, kutilmagan o‘zgarish va yangilanishlar ko‘zga tashlanadi. Odamlarning yanada to‘kin, farovon yashayotgani, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari bilan dunyoga tanilayotgani quvontiradi.
Muborak Qurbon hayiti arafasida yana Denovga bordik. Prezidentimizning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmuratov hamrohligida yangilanishlar bilan tanishib, bu yerda inson qadrini ulug‘lash va odamlarning turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida turkum maqolalar tayyorlashni maqsad qildim. Zero, yurtimizda istiqlol shu’lalari nur sochmasa, bu yangilanishlar bo‘larmidi? Yoki tug‘ilish darajasining bugungi o‘sish jarayonida aholining turarjoy bilan bog‘liq muammosiga yechim izlanarmidi? Tumanga xorijning zamonaviy texnologiyasi kirib kelarmidi?

Bizning bolaligimizda ham Denov Surxon vohasining sanoatlashgan hududlaridan biri edi. Yog‘, vino-aroq, non va non mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar faoliyat yuritardi. Tuman markazidagi yo‘llar tor, transportlar ham ko‘p emas, sanoatlashgan hudud sanalsa-da, tuman markazida ham xizmatlar ko‘rsatish sifati o‘ziga yarasha edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tumandagi sanoat korxonalarining ma’nan eskirgan texnologiyalari tufayli tayyor mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami pasaygani ham sir emas. Ular bosqichma-bosqich xususiylashtirilib, mulkdorlar qo‘liga o‘tdi. Biroq aksariyati qaddini qayta tiklay olmadi. Shaharda transport qatnovi sezilarli darajada o‘sgan bo‘lsa-da, yo‘llarni kengaytirish, aholining uy-joyga ehtiyoji oshgan esa-da, yangi, zamonaviy turarjoy binolari barpo etishning imkoni topilmadi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 9 apreldagi “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori hududning qiyofasini tubdan o‘zgartirishda muhim omil bo‘ldi. Aholining turmush darajasini oshirish, uy-joy ta’minotini yaxshilash, transport-kommunikatsiya tarmog‘ini yangilash, xizmatlar ko‘rsatish sifatini yuksaltirishga e’tibor kuchaytirildi. Shu maqsadda tuman markazidagi yo‘llar kengaytirilib, transport qatnovi uchun qulay sharoit yaratildi. Zamonaviy ishlab chiqarish korxonalariga tamal toshi qo‘yildi. Toza ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, oqova suv tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Yangi bozor barpo etildi. Kengaytirilgan yo‘llar bo‘yida ko‘p qavatli uylar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qad rostladi. Uy-joyga muhtoj minglab oilalar barcha zamonaviy qulaylikka ega yangi uyli bo‘ldi.
Bugun Denovga kelsangiz, bundan besh-olti yil avvalgi tuman emasligiga guvoh bo‘lasiz. Tuman markaziga kiraverishda qad tikib turgan osmono‘par ko‘p qavatli uylarga havas bilan boqasiz.

¬–Denov tumani viloyatdagi aholi eng ko‘p yashaydigan yirik hudud,¬ deydi Prezidentimizning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmuratov.¬– Keyingi yillarda turarjoyga ehtiyoj ancha oshdi. Turarjoy bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paydi. Buning yechimini topish uchun ko‘p qavatli uylar qurishga e’tibor kuchaytirildi. Yaqin yillarda ham Denovda yetti, o‘n olti qavatli uylar qurilishini hech kim xayoliga keltirolmas edi. Fuqarolariga mehri yuksak davlatning odamlari ham ahil, mehnatkash, qo‘li gul bo‘lar ekan. Bunga qisqa yillarda shu mahallada amalga oshirilgan ishlar yaqqol misoldir.

Buyuk kelajak mahallasida 18 ming kishi istiqomat qilmoqda. Ularning 13 ming nafari keyingi to‘rt yilda bunyod etilgan 5, 7,9,12,16 qavatli uylarda yashaydi. Bu yerda bir yo‘la maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘zni qamashtiradigan gulzorlar barpo etilgan. O‘quvchilar esa mahalladagi ko‘p qavatli maktabda ta’lim-tarbiya olayotir. Bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari, ixcham kutubxona qurilgan. Ellikka yaqin xotin-qiz bandligini ta’minlaydigan issiqxona barpo etilgan. Yuzdan ortiq xotin-qiz uchun tikuvchilik-bichuvchilik sexi bunyod etilib, jihozlanmoqda. Mahallaning yakka tartibdagi uy-joylari ko‘chalariga metalkonstruksiyali voish o‘rnatilib, uzum parvarishlash yo‘lga qo‘yilayotir.
Bu bitta tumanning bitta mahallasida keyingi uch-to‘rt yilda amalga oshirilgan ishlarning ayrimlari, xolos. Boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham aholi farovonligini ta’minlash, hududlar infratuzlmasini yaxshilash va odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri