Ko‘chatlar nega quriydi: muammo tanlovdami yoki parvarishda?
Birinchi maqola
Bugun yurtimizni yashil va obod qilish, ekilgan har bir ko‘chatning yaxshi o‘sib, daraxtga aylanishini ta’minlash juda muhim. Ammo buning uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Qanday daraxtlarni ekish va ularni qanday parvarish qilish lozim? Bu kabi savollarga javob topishda olimlarimizning ilmiy izlanishlari muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimizning 2026-yil 23-sentabrdagi Farmonida ham ko‘kalamzorlashtirishga ilmiy yondashish, daraxtlarni asrash va ko‘chatlar yashovchanligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i Dendrologiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sobitjon Nosirov bilan suhbatlashdik.
Avvalo, o‘simliklar ekologiyasi deganda nimani tushunamiz? Nega bugun daraxt ekishning o‘zi emas, uning qayerga va qanday sharoitda ekilishi muhim bo‘lib qolyapti?
—O‘simliklar ekologiyasi deganda, avvalo, o‘simliklarning tashqi muhit bilan o‘zaro munosabatlarini tushunamiz. Har bir o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, ko‘payishi va muayyan hududda yashab qolishi tuproq, suv, harorat, yorug‘lik, havo namligi kabi ekologik omillarga bevosita bog‘liq. Bu masalani O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, respublikamiz tabiiy-iqlim sharoiti nihoyatda xilma-xil. Bir tomonda Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Navoiyning qurg‘oqchil, ayrim joylarda sho‘rlangan hududlari bo‘lsa, ikkinchi tomonda Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi va tog‘oldi mintaqalari mavjud. Ularning tuproq tarkibi, suv ta’minoti, yillik yog‘ingarchilik miqdori va harorat ko‘rsatkichlari bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun bir hududda yaxshi o‘sib rivojlanayotgan daraxt boshqa joyda ham xuddi shunday natija beradi, deb bo‘lmaydi.
Masalan, Toshkent shahrida sug‘orish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududda yaxshi o‘sayotgan ayrim manzarali daraxtlarni suv ta’minoti cheklangan, tuprog‘i kuchli sho‘rlangan maydonlarga olib borib ekish kutilgan natijani bermasligi mumkin. Bu o‘simlikning yomonligi bilan emas, balki uning biologik talablari o‘sha muhitga mos kelmasligi bilan bog‘liq.
Bugun bu masala yanada dolzarblashmoqda. Chunki shaharlarda daraxtlar faqat tabiiy iqlim ta’sirida emas, balki inson faoliyati natijasida shakllangan o‘ziga xos muhitda o‘smoqda. Asfalt va beton qoplamalarning ko‘payishi, tuproqning zichlashishi, yerosti kommunikatsiyalari, transport harakati va havoning ifloslanishi ularning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, bir xil turga mansub ikkita daraxtning biri keng, ochiq va tuproq sharoiti qulay joyda, ikkinchisi esa asfalt bilan o‘ralgan tor maydonda o‘ssa, ularning rivojlanishida jiddiy farq kuzatilishi mumkin. Chunki ikkinchi holatda ildiz tizimining tarqalishi, tuproqda havo almashinuvi va namlikdan foydalanish imkoniyati cheklanadi. Shu bois ko‘kalamzorlashtirishda daraxtning faqat manzaraviy ko‘rinishi yoki tez o‘sishiga qarab tur tanlash yetarli emas.
Bizning Toshkent Botanika bog‘ida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarimiz ham aynan shu masalalar bilan bog‘liq. Botanika bog‘ining 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot dasturida kolleksiyalardagi daraxt va butalarning introduksiya natijalarini tahlil qilish, ularning mahalliy sharoitga moslashuvchanligi, ayrim turlarning saqlanib qolmaslik sabablari va bioekologik xususiyatlarini o‘rganish belgilangan. Shuningdek, dasturda respublika ko‘kalamzorlashtirishida foydalanilayotgan 400 dan ortiq turdagi daraxt va butalarning botanik tavsifi, tarqalishi, ko‘paytirish, yetishtirish va parvarishlash xususiyatlariga doir ma’lumotlarni umumlashtirish nazarda tutilgan. Bu ma’lumotlarning amaliy ahamiyati katta. Chunki ular muayyan hududga qaysi turlarni tavsiya qilish mumkinligi, qaysi turlar qo‘shimcha parvarish talab etishi va qaysi ekologik sharoitda yaxshi rivojlanishini baholash uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Demak, bugun ko‘kalamzorlashtirishdagi asosiy vazifa faqat ko‘chat ekish emas. Ekilgan o‘simlikning shu muhitda sog‘lom o‘sishi, uzoq yashashi va o‘zining ekologik vazifasini bajarishini ta’minlashdir.
«Yashil makon»da asosiy maqsad ko‘chat sonini ko‘paytirish emas, uni saqlab qolish ekani aytilmoqda. O‘zbekiston sharoitida ko‘chatlarning qurib qolishiga eng ko‘p nima sabab bo‘lyapti?
—Avvalo, ko‘chatlarning qurib qolishini faqat bitta sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. Bunda bir nechta omil birgalikda ta’sir ko‘rsatadi. Lekin O‘zbekiston sharoitida eng muhim muammolardan biri suv ta’minoti va ko‘chat ekilgandan keyingi parvarishning yetarli darajada tashkil etilmasligidir.
Ma’lumki, respublikamizning katta qismi quruq va keskin kontinental iqlim mintaqasida joylashgan. Yoz oylarida yuqori harorat va kuchli bug‘lanish natijasida tuproqdagi namlik tez kamayadi. Ayniqsa, yangi ekilgan ko‘chatlar bunday sharoitga ancha sezgir bo‘ladi.
Buning asosiy sababi ko‘chat ko‘chirib ekilganda uning ildiz tizimi hali yangi muhitga to‘liq moslashmagan bo‘ladi. Ildizlar tuproqning yetarlicha katta hajmini egallamagani sababli o‘simlik o‘z ehtiyoji uchun zarur namlikni doim ham o‘zlashtira olmaydi. Bunday vaqtda sug‘orish kechiktirilsa, o‘simlikda suv tanqisligi yuzaga keladi. Natijada barglarda so‘lish, o‘sishning sekinlashishi, novdalarning qurishi va og‘ir holatlarda ko‘chatning nobud bo‘lishi kuzatiladi.
Ikkinchi muhim masala — o‘simlik turining noto‘g‘ri tanlanishi. Ba’zan muayyan daraxt turi tashqi ko‘rinishi, manzaraviyligi yoki tez o‘sishi uchun tanlanadi. Ammo uning tuproq sho‘rlanishiga, yuqori haroratga, qishki sovuqlarga va suv tanqisligiga munosabati yetarlicha hisobga olinmaydi.
Uchinchi omil — ekilayotgan ko‘chatning sifati. Ildiz tizimi yaxshi shakllanmagan, ko‘chatxonadan olib kelish jarayonida ildizlari qurib qolgan yoki mexanik shikastlangan ko‘chatning tutib ketishi qiyinlashadi. Shuningdek, ko‘chatning noto‘g‘ri chuqurlikda ekilishi, ildiz bo‘g‘zining tuproq bilan ko‘milishi, tuproqning zichlashishi va me’yoridan ortiq sug‘orish ham salbiy natija beradi.
Bu yerda ko‘pchilik e’tibor bermaydigan bir holat bor. Daraxt faqat suv yetishmasligidan emas, balki ortiqcha namlikdan ham zarar ko‘radi. Tuproqda suv uzoq vaqt to‘planib qolsa, ildiz tizimining nafas olishi qiyinlashadi. Bu esa ildizlarning zaiflashishi va chirish jarayonlariga sharoit yaratadi.
Yana bir jiddiy omil — kasallik va zararkunandalar. Daraxtlar turli zamburug‘ kasalliklari, po‘stloqxo‘r hasharotlar va boshqa zararli organizmlar ta’sirida zaiflashishi mumkin. Ayniqsa, suv tanqisligi yoki boshqa noqulay sharoitlar ta’sirida kuchsizlangan daraxtlarda ayrim zararkunandalarning zarari kuchayadi.
Biz uchun daraxtning tashqi ko‘rinishiga baho berishning o‘zi yetarli emas. Uning tanasi, shoxlari, po‘stlog‘i, barglari, ildiz bo‘g‘zi va umumiy fiziologik holati ham o‘rganilishi kerak.
Toshkent Botanika bog‘ining ilmiy-tadqiqot dasturida ham daraxt va butalarning saqlanib qolmaslik sabablarini aniqlash, ignabargli kabi daraxtlarda uchraydigan zamburug‘ kasalliklarini o‘rganish va ularga qarshi kurash usullarini ishlab chiqish yo‘nalishlari belgilangan. Bu ishlardan ko‘zlangan maqsad faqat kasallikni qayd etish emas. Balki o‘simlikning nima sababdan zaiflashganini aniqlash va kelgusida bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan amaliy tavsiyalar tayyorlashdir.
Men bu yerda yana bir masalani alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Ko‘chat ekishdan oldin uning keyingi taqdiri haqida o‘ylash kerak.
Masalan, muayyan hududga ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilsa, avvalo, shu maydonda suv manbai bormi, ko‘chatlarni kim sug‘oradi, kim parvarishlaydi, qurib qolgan yoki kasallangan daraxtlarni kim nazorat qiladi — shu savollarga javob bo‘lishi lozim. Eng asosiysi, ekilgan ko‘chatlar soni bilan bir qatorda ularning birinchi, uchinchi va beshinchi yildagi saqlanish darajasini ham baholash kerak. Chunki ko‘kalamzorlashtirishning haqiqiy samarasi ko‘chat ekilgan kunda emas, balki u bir necha yildan keyin sog‘lom daraxtga aylanganida namoyon bo‘ladi.
Ayrim hududlarda iqlim va tuproqqa mos kelmaydigan daraxtlar ekilayotgani aytilmoqda. O‘simlik turini tanlashda olimlar qaysi jihatlarga eng avvalo e’tibor berishi kerak?
—Daraxt turini tanlashda birinchi navbatda uning biologik xususiyatlari bilan hududning ekologik sharoiti o‘rtasidagi muvofiqlikni baholash kerak. Har bir turning o‘z ekologik talabi mavjud. Bir tur yuqori haroratga yaxshi chidashi mumkin, lekin tuproq sho‘rlanishiga sezgir bo‘ladi. Boshqa bir tur qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lsa-da, qishki past harorat ta’sirida zararlanishi mumkin. Shuning uchun o‘simlik tanlashda faqat yozgi issiqqa chidamlilikni hisobga olish yetarli emas. Qishki sovuqlar, tuproqning mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi, yerosti suvlari sathi, yog‘ingarchilik va sug‘orish imkoniyati ham o‘rganilishi zarur.
Masalan, pista va bodomning ayrim turlari yaxshi drenajlangan adir va tog‘oldi mintaqalari uchun istiqbolli hisoblanadi. Saksovul va qandim kabi o‘simliklar esa cho‘l sharoitida muhim ekologik vazifalarni bajaradi.
Shaharlarda vaziyat biroz boshqacha. Bu yerda daraxt nafaqat yashab qolishi, balki soya berishi, havo muhitini yaxshilashi, estetik ko‘rinishga ega bo‘lishi va infratuzilmaga zarar yetkazmasligi ham kerak. Yirik daraxt tanlanayotganda uning 15–20 yildan keyingi balandligi, shox-shabbasining kengligi va ildiz tizimining tarqalishi hisobga olinmasa, keyinchalik binolar, elektr tarmoqlari yoki yerosti kommunikatsiyalari bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Shu nuqtai nazardan dendrologik tadqiqotlarning amaliy ahamiyati katta.
Bizda Toshkent Botanika bog‘ining ilmiy-tadqiqot dasturi doirasida shaharning turli tumanlarida ko‘kalamzorlashtirishda foydalanilayotgan daraxt va butalarni o‘rganish belgilangan. Bunda daraxt va butalarning tur tarkibini aniqlash, ularni oila, turkum va turlar kesimida tahlil qilish, taksatsion ko‘rsatkichlari, sanitar holati, kasallik va zararkunandalar bilan zararlanishini o‘rganish muhim o‘rin tutadi.
Bunday tadqiqotlarning zarurati shundaki, bitta daraxt turi shaharning ikki xil hududida turlicha rivojlanishi mumkin.
Masalan, sug‘orish imkoniyati yaxshi, tuproq qatlami yetarli va ochiq maydonda o‘sayotgan daraxt bilan transport harakati yuqori bo‘lgan, tuprog‘i zichlashgan ko‘cha bo‘yidagi xuddi shu turga mansub daraxtning holati bir xil bo‘lmasligi mumkin.
Tadqiqotlarda daraxtning balandligi, tanasining diametri, shox-shabbasi, hayotiy holati va zararlanish belgilarini baholash, olingan ma’lumotlarni elektron bazaga kiritish hamda geografik axborot tizimlari yordamida tahlil qilish imkoniyatlari mavjud.
Bunday ma’lumotlar asosida shaharning turli hududlari uchun istiqbolli daraxt va butalarni tanlash, mavjud daraxtlarni saqlash hamda ko‘kalamzorlashtirishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarni kamaytirish mumkin.
Bundan tashqari, Botanika bog‘i kolleksiyalarida uzoq yillar davomida o‘stirilayotgan mahalliy va xorijiy turlarning introduksiya natijalari ham muhim ilmiy manba hisoblanadi. Chunki introduksiya jarayonida o‘simlikning yangi muhitga moslashishi, o‘sish va rivojlanish xususiyatlari, gullashi, meva berishi, qishki sovuq va yozgi issiqqa munosabati baholanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 23-sentabrdagi Farmonida ham hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqib ko‘chat ekish muddatlarini rayonlashtirish, tuproq sharoitiga mos, suvsizlik, sho‘rlanish, issiq va sovuqqa chidamli turlarni belgilash vazifasi qo‘yilgan. Bu juda muhim masala. Chunki respublika bo‘yicha hamma joyga bir xil daraxt ekishdan ko‘ra, har bir hududning ekologik xususiyatlariga mos assortimentni shakllantirish ancha samarali natija beradi.
(Davomi bor)
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.