Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Kitobxon onalar kuni» loyihasi doirasida navbatdagi adabiy anjuman o‘tkazildi.
Unda yozuvchi, shoira, olimalar bilan bir qatorda Sergeli tumani «Oqila ayollar» harakati a’zolari ishtirok etdi.

Videokonferensaloqa tarzidagi ushbu tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar, Toshkent shahar va tuman Axborot-kutubxona markazlarida ham tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktorining o‘rinbosari Nasiba Xoldorova, taniqli shoira Gulchehra Shahobiddin qizi, Oila va xotin qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Guljamol Asqarova, filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olima Hulkar Hamroyeva, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Zamira Zarrin va boshqalar kitobning inson kamolotidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘zladi.

Darhaqiqat, bugungi yoshlar ma’naviyati uchun kurash avj olgan murakkab bir davrda yigit-qizlarni yaxshi, badiiy barkamol asarlarni mutolaa etishga da’vat etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish har qachongidan ham dolzarbdir. Prezidentimiz tashabbusi asosida milliy adabiyotimizga e’tiborni kuchaytirish, kutubxonalarning faoliyatini yanada yaxshilash, xalqimizni kitobxon xalqqa aylantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar zamirida ham yoshlar ma’naviyatini asrashdek ezgu g‘oya mujassam.

Tadbirda Sergeli tumani kitobxonlari Gulshan Abdunazarova, Mavjuda Tursunova, Karomat Jabborova o‘zlari o‘qigan kitoblarning tavsiya-taqdimotini o‘tkazdi.
Estrada xonandasi Ismigul Abdullayeva ijrosidagi qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA