Kitobxon ona – ma’rifatli avlod tarbiyachisi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida an’anaviy «Kitobxon onalar kuni» tadbiri tashkil etildi.
Xalqaro qishloq ayollari kuni hamda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuv «Kitobxon ona – ma’rifatli avlod tarbiyachisi» mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani va Toshkent viloyati «Oqila ayollar» harakati vakillari qatnashib, kitobxonlik madaniyati, ona tiliga hurmat va oilada ma’naviy tarbiyaning ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, Milliy kutubxona yetakchi mutaxassisi Gulchehra Shahobiddin qizi ona tilimizning boy imkoniyatlari, uning milliy o‘zligimizni ifoda etishdagi o‘rni hamda adabiyotimizdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Davlat tili maqomining tarixiy ahamiyatini ta’kidlar ekan, u o‘zbek tilining jozibasi va betakrorligini namoyon etuvchi adabiy merosimizga alohida e’tibor qaratdi.

Muloqotlar davomida qishloq ayollarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish hamda munosib turmush sharoitlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar qishloq ayollarining mashaqqatli mehnati, hayotiy tajribasi va orzu-intilishlari aks etgan adabiy asarlar haqida ham fikr bildirdi. Bunday asarlardagi ayol obrazlari orqali sabr-toqat, matonat va mehnatsevarlik kabi fazilatlarning yoritilishiga e’tibor qaratildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlardagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari ZOOM platformasi orqali qatnashdi. Tadbirkor ayollar ham o‘z tabriklarini yo‘llab, xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida mulohazalarini bayon etdi.

Tadbirning badiiy qismida Toshkent shahar Bektemir tumanidagi 1-son Madaniyat markazi qoshidagi «Ohanrabo» xalq folklor-etnografik jamoasi rahbari, «Nuroniylar» jamg‘armasi qoshidagi «Nuroniylar kuylaganda» jamoasi xonandasi Dilorom Ziyotova va jamoa xonandasi Buvisora Xannazarova ijrosidagi qo‘shiqlar yangradi. Musiqiy chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mazkur tadbir kitobxonlikni ommalashtirish, milliy adabiyotimizga qiziqishni oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini ulug‘lash va oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlashga qaratilgan muloqot maydoni bo‘ldi. Unda kitobxon ona nafaqat oiladagi tarbiyachi, balki jamiyatning ma’naviy kamolotiga hissa qo‘shuvchi muhim kuch ekani alohida namoyon bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA