Kitob orqali dunyoni anglamoq saodati
Tafakkur bulog‘i, ma’rifat oshyoni bo‘lgan kitob – inson aqlini o‘stiruvchi, axloqini shakllantiruvchi bebaho xazina. U nafaqat bilim manbai, balki inson fikrlash doirasi, dunyoqarashi va ma’naviy kamolotini mustahkamlashda ham muhim vositadir.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish va intellektual salohiyatni oshirish maqsadida Milliy kitobxonlik harakati dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Namanganda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi hamkorligida uyushtirilgan taniqli yozuvchi va jurnalist Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi taqdimoti ham ayni shu ma’rifiy harakat ijrosiga qaratildi.
Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda adib va shoirlar, nashriyot va matbaa korxonalari vakillari, adabiyot ixlosmandlari, oliy o‘quv yurtlari talabalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdilar.
[gallery-29827]
Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi raisi, shoir Ziyoviddin Mansurov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Appaqov yangi ensiklopedik qo‘llanma kitobxonlikda o‘ziga xos yondashuvlar hamda mushtariylarning bugungi zamonaviy dunyoqarashlaridan kelib chiqqan holda nashr bo‘lganligini ta’kidladi.
Yangi o‘ziga xos kitob muallifi Laziz Rahmatov 1981-yil 21-aprelda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani Namaton qishlog‘ida tug‘ilgan. Siyosatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega. Faoliyatini kutubxonachilik va jurnalistika sohasida boshlagan Laziz Rahmatov turli ommaviy axborot vositalarida ishlagan.
Ta’kidlab o‘tilganidek, “Dunyo mamlakatlari” jahonning 236 davlati haqida keng qamrovli ma’lumot beruvchi qomusiy asar hisoblanib, u geografiya, tarix, siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlarga qiziquvchi kitobxonlar uchun muhim manba sanaladi. Muallif mazkur kitobda mamlakatlar haqidagi eng muhim ma’lumotlarni bir joyga jamlab, o‘quvchiga sodda va tushunarli uslubda taqdim etgan.
Kitobning afzalligi shundaki, unda davlatlarning jo‘g‘rofik joylashuvi, davlat boshqaruvi, tarixi, aholisi, iqtisodiyoti, madaniyati hamda O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berilgan. Shu jihatdan qomusiy asar nafaqat ma’lumotnoma, balki o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytiruvchi ma’rifiy qo‘llanma vazifasini ham bajaradi.
1 ming 200 sahifalik “Dunyo mamlakatlari” kitobi ayniqsa talabalar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, sayohat ixlosmandlari va xalqaro hayotga qiziquvchilar uchun g‘oyat foydali manba hisoblanadi. Asar o‘quvchini dunyo xalqlari, ularning tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirib, turli mamlakatlar haqida yaxlit tasavvur hosil qilishga ko‘maklashadi. U har bir xonadon, maktab va kutubxona javonidan munosib o‘rin olishga arziydi.
Namangan davlat texnika universiteti “Ma’rifat zali”da bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotida yurtimizda yosh avlod o‘rtasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, mustaqil fikrlaydigan, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ayni shu maqsadda yo‘lga qo‘yilgan Milliy kitobxonlik harakatining mazmun-mohiyati hamda Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” asari mutolaasi yuzasidan e’lon qilingan ko‘rik-tanlov haqida atroflicha so‘z yuritildi.
—Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu ma’nolarni anglagan millat hech qachon yengilmaydi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 570 mingdan ortiq kutubxonalar bo‘lib, ularning 470 mingga yaqini Yevropa davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi, — deydi O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, “Dunyo mamlakatlari” kitobi muallifi Laziz Rahmatov. — Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga qodir bo‘ladilar. Yurtimizda boshlangan Milliy kitobxonlik harakatidan ko‘zlangan maqsad ayni shunga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Namanganlik yoshlar bilan muloqotlarimiz davomida ertamiz egalari orasida kitobga oshno tutingan, kitobxonlik targ‘ibotida faollik ko‘rsatayotgan o‘g‘il-qizlar ko‘pligidan mamnun bo‘ldik.
Milliy g‘ururni uyg‘otadigan kitob taqdimoti tadbirlarida ishtirokchilar – yoshlar va faol kitobxonlar “Dunyo mamlakatlari” asari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga muallifdan atroflicha javoblar olishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA