Akademiya xodimlari “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovida ishtirok etdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida kursantlar o‘rtasida “Bilim va ma’rifat oyligi” doirasida “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, oilalarda mutolaa muhitini shakllantirish, ma’naviy-ma’rifiy bilim, dunyoqarash va intellektual salohiyatni oshirish, oilaviy kitobxonlik an’analarini kengaytirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, milliy va jahon adabiyotining sara namunalarini keng targ‘ib qilish maqsadida Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur ko‘rik-tanlov “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari asosida tashkil etildi. Ishtirokchilar milliy va jahon adabiyotining sara namunalari, taniqli adib va shoirlar ijodi, badiiy asarlar mazmun-mohiyati yuzasidan berilgan savollarga javob berib, o‘z bilimlari, dunyoqarashi, hozirjavobligi va tezkor fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tanlov davomida oilalarning o‘zaro hamjihatligi, kitobga bo‘lgan mehr-muhabbati va mutolaa borasidagi bilimlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, “Tezkor savol-javob” sharti qizg‘in va murosasiz kechib, ishtirokchilardan chuqur bilim bilan bir qatorda, tezkorlik va zukkolikni ham talab etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, ishtirokchilarning shartlarni bajarishdagi faolligi, bilim darajasi, javoblarning to‘g‘riligi va mazmuni hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, g‘oliblar aniqlandi.
Umumiy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Magistratura fakulteti boshlig‘i podpolkovnik Jo‘rabek Murodovlar oilasiga, 2-o‘rin Favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish va boshqaruv kafedrasi o‘qituvchisi podpolkovnik R. Absalomovlar oilasiga, 3-o‘rin esa S.Sultonovlar oilasiga nasib etdi.
Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan podpolkovnik A.Janikulovlar oilasi ham munosib e’tirof etildi. Tanlov yakunida barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, pul miqdoridagi vaucherlar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA