Kitob-albomning taqdimoti o‘tkazildi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlarning hayoti hamda faoliyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Millat fidoyilari” kitob-albomining tantanali taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda okrugning mas’ul ofitserlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan insonlar xotirasini e’zozlash, ularning jasorati va matonatini yosh avlod qalbiga singdirish bugungi kunning eng muhim ma’naviy vazifalaridan biridir.

Taqdimot davomida so‘zga chiqqanlar “Millat fidoyilari” kitob-albomi xalqimizning mard va jasur farzandlari hayoti hamda faoliyatini yorituvchi muhim manba ekanligini alohida ta’kidladilar. Ushbu asarda Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan fidoyi insonlarning ibratli hayot yo‘li aks ettirilgan bo‘lib, u yoshlar qalbida yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbirda millat taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etgan insonlar har qanday davrda xalqning ma’naviy tayanchi bo‘lib kelgan. Ularning jasorati, mashaqqatli mehnati va yurtga sadoqati bugungi avlod uchun ham yuksak namuna vazifasini o‘taydi. Kitob-albom ana shunday ulug‘ fazilatlarni targ‘ib etuvchi bebaho ma’naviy meros sifatida e’tirof etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi vakillari tomonidan milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va ma’naviy merosni asrash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ular yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va ajdodlarga munosib bo‘lish hissini mustahkamlashda bunday nashrlarning o‘rni beqiyos ekanligini qayd etdilar.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri