Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan “Kitobxonlik haftaligi – 2025” ijodiy-ma’rifiy loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, O‘zbekiston faylasuflari assotsiatsiyasi hamkorligida taniqli olim Baxtiyor To‘rayevning “Fazo-vaqt sinergetikasi” va “Oddiy va ommabop sinergetika” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kitoblarda jahonda bugungi kundagi eng ilg‘or falsafiy metodologiya hisoblangan sinergetika metodologiyasi va uning asosiy tamoyillari, qonun va kategoriyalarning tarixiy kelib chiqishi haqida ma’lumotlar berilgan. Bu kitoblar Yangi O‘zbekistonni bunyod qiluvchi yoshlarni tarbiyalash va Uchinchi Renessans poydevorini tiklashdek olijanob maqsadlarga xizmat qiladi.

Bu kitoblarda fazo-vaqt xususiyatlarini sinergetika fani nuqtai nazardan tahlil etish, sinergetika fani va sinergetik tafakkurning xususiyatlari, sinergetikaning umumfalsafiy metodologik xususiyatlari, falsafiy metodologiya shakllari, sinergetikaning tamoyillari, qonunlari va kategoriyalari tahlil qilingan.
Shuningdek, kitoblardan chiziqli tafakkur va nochiziqli tafakkurning o‘ziga xos xususiyatlari, sinergetika va murakkablik, sinergetika va tasodiflar, fazo va vaqtning sinergetik tabiati, ma’naviy borliqning sinergetik tahlili, sun’iy intellektning sinergetik xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.

“Fazo-vaqt sinergetikasi” kitobi ilmiy tilda yozilgan, ammo “Oddiy va ommabop sinergetika” kitobida yuqoridagi g‘oyalar oddiy va hammabop tarzda bayon etilgan. Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, bu kitoblar xalqimiz tafakkurining rivojlanishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Mazkur kitoblar Imom Buxoriy xalqaro markazi olimlarining yana bir yutug‘idir.
Aytish kerakki, Baxtiyor To‘rayev – falsafa fanlari doktori, Oliy ta’lim a’lochisi. Falsafa, tabiatshunoslik falsafasi, fazo va vaqt, hozirgi zamon kosmologiyasi, mantiq, ijtimoiy falsafa va milliy g‘oyaning falsafiy muammolariga oid 300 dan ziyod ilmiy maqolalar va monografiyalar muallifi.
Baxtiyor To‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor, Turon Fanlar akademiyasi akademigi, Samarqand sinergetika maktabi tashkilotchisidir.
N.Usmonova, O‘zA