Kino san’atimizga e’tibor — milliy ruhiyat va madaniyatga e’tibor
Shu yil 26-oktabr kuni davlatimiz rahbari “O‘zbekfilm” kinostudiyasida kinoijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazib, sohadagi yutuqlar, muammolar va kelgusidagi vazifalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Milliy kino san’atimizni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, bastakor, professor Oydin Abdullayeva bu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Kino san’ati millat uchun madaniy merosning muhim qismi, milliy o‘zlikni saqlash vositasi va ma’naviy hayotning aksidir. U tarixiy xotirani saqlash, milliy qadriyatlar, til, an’ana va urf-odatlarni avloddan-avlodga yetkazish, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini shakllantirish hamda yosh avlodni tarbiyalashga yordam beradi. Kino orqali xalq o‘z tarixini hikoya qiladi, o‘z ideallarini aks ettiradi va boshqa mamlakatlarni o‘z madaniyati bilan tanishtiradi.

Prezidentimizning mamlakatimiz kinoarboblari bilan uchrashuvida keltirilgan ma’lumotlar kino sohasiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor izchil kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, 2016-yilda filmlar ishlab chiqarish uchun davlat byudjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 218 milliard so‘mga yetgani qayd etildi.
Biroq, davlat mablag‘larining ko‘payishi o‘z-o‘zidan sifatli va tomoshabop filmlar ko‘payishini anglatmaydi. Bu mablag‘lar samarali mexanizmlar asosida yo‘naltirilishi, ijodiy raqobatni kuchaytirishi va har bir loyihaning badiiy qiymati hamda jamoatchilikka ta’sirini oshirishga xizmat qilishi zarur.
Shu jihatdan, Prezidentimiz tomonidan kino sohasini boshqarish, moliyalashtirish va film ishlab chiqarish vazifalarini aniq belgilash, Kinematografiya agentligi o‘rniga davlat siyosatini yuritish vakolatlarini Madaniyat vazirligiga o‘tkazish, vazirlikda Kino san’ati departamentini tashkil etish bo‘yicha bildirilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega.
“O‘zbekfilm”ning zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan milliy kinokompaniya sifatida qayta tashkil etilishi, film ishlab chiqarishni xususiy sektorga o‘tkazish, loyihalarni tanlash, moliyalashtirish, targ‘ib qilish va xalqaro bozorlarga olib chiqish vazifalarini bir tizimga birlashtirish tashabbusi prinsipial ahamiyatga ega. Bu yerda gap faqat tashkiliy o‘zgarish haqida emas, balki kino sohasidagi munosabatlarning mazmunan yangilanishi, davlatning ijodiy jarayonga yondashuvi o‘zgarishi va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochilishini anglatadi.
Uchrashuvda kino loyihalarini moliyalashtirishning amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimida muammolar mavjudligi ochiq aytildi. Bir rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilishi, buyurtmalarning katta qismi davlat studiyalariga berilishi va ishni tezroq yakunlashga ustuvorlik berilishi ijodiy jarayon sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.
San’at asarini oddiy tovar sifatida baholash mumkin emas. Film yaratish jarayonida g‘oya shakllanadi, ssenariy takomillashadi, qahramonlar xarakteri ochiladi, ijodiy yechimlar qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday jarayonni faqat oldindan belgilangan texnik talablar bilan cheklash san’atning tabiatiga zid keladi.
Shuning uchun davlat buyurtmasi amaliyotidan subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tish tashabbusi milliy kino rivoji uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Davlatning vazifasi muayyan ijodiy natijani ma’muriy tarzda buyurtma qilish emas, balki iste’dodli ijodkorlar uchun munosib muhit yaratish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va milliy madaniyat manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslarga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi kerak.
Prezidentimizning “Tomoshabin kinodan, kinozallarga borishdan voz kechgani yo‘q, faqat uning didi va talabi o‘zgardi”, degan fikri kino sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib beradi. Darhaqiqat, bugungi tomoshabinning axborot olish va hordiq chiqarish imkoniyatlari ancha kengaygan. U jahon kinematografiyasining eng yaxshi namunalarini ko‘rish, turli janrlar va uslublar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Demak, milliy kino ham badiiy sifat, ssenariy mukammalligi, aktyorlar mahorati, rejissyorlik yechimi va texnik ijro jihatidan zamon talablariga javob berishi kerak.
Bugungi globallashuv sharoitida kinoning jamiyat hayotidagi o‘rni yanada ortib bormoqda. Prezidentimizning farzandlarimiz ongi va dunyoqarashini kim va qanday himoya qilishi haqidagi savolni o‘rtaga qo‘ygani bejiz emas. Milliy ma’naviyatni asrash, yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, mehnatsevarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashda kino san’ati muhim o‘rin tutadi.
Bu vazifa xorijiy madaniyat namunalarini inkor etish yoki yoshlarni tashqi dunyodan ajratishni anglatmaydi. Aksincha, yoshlarimiz jahon madaniyatining eng yaxshi yutuqlarini o‘zlashtirgan holda, o‘z milliy qadriyatlari va tarixiy ildizlarini chuqur anglab voyaga yetishi uchun zarur ma’naviy muhitni yaratishni nazarda tutadi. Shu ma’noda, Prezidentimiz ilgari surgan “O‘zligimizni anglab, o‘z hikoyamizni o‘z ovozimiz bilan dunyoga aytish” g‘oyasi milliy kinoning strategik yo‘nalishini belgilab beradi.
Bugun ekranlarda faqat tarixiy shaxslar va o‘tmish voqealarini emas, balki zamondoshlarimizning ham haqqoniy qiyofasini aks ettirishimiz zarur. O‘qituvchi, shifokor, harbiy xizmatchi va quruvchi kabi kasb egalarining barchasi hayotiy va ta’sirchan filmlar uchun muhim mavzulardir.
Uchrashuvda “O‘zbekfilm” hududida yagona industrial klaster — “O‘zbekfilm kino shaharchasi”ni tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan dublyaj va ovozlashtirish markazining barpo etilishi milliy kinoning texnik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bunday infratuzilma kino ishlab chiqarishning turli bosqichlarini bir makonda jamlash, mutaxassislar hamkorligini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va xalqaro standartlarga mos mahsulotlar yaratish uchun muhim asos bo‘ladi.
Milliy kinoni rivojlantirishda professional tahlil va xolis tanqidning o‘rni ham beqiyos. Shu nuqtai nazardan, “Kinoshunoslar klubi”ni tashkil etish, uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi — FIPRESCIga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish tashabbusi muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, kino yaratishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturini ishlab chiqish tashabbusi zamon talablariga mosdir. Bugungi kunda yangi texnologiyalar ssenariy ustida ishlash, vizual effektlar yaratish, ovozni qayta ishlash, tarjima va dublyaj jarayonlarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Biroq, texnologiyaning o‘zi san’at asarini yaratmaydi. U ijodkorning bilimi, dunyoqarashi, iste’dodi va tajribasini to‘ldiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilishi kerak. Shuning uchun sun’iy intellektdan foydalanish bilan birga mutaxassislarni tayyorlash, kasbiy ta’limni rivojlantirish, xorijiy tajribani o‘rganish va mualliflik huquqlariga rioya etish masalalariga ham e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.
Kino mamlakatning xalqaro maydondagi madaniy qiyofasini namoyon etadigan eng ta’sirchan vositalardan biridir. O‘z tarixi, madaniyati va milliy qahramonlarini jahon ekranlarida munosib aks ettirgan mamlakatning xalqaro nufuzi ham ortadi. Shu ma’noda, milliy kinematografiyani rivojlantirish madaniy siyosat bilan birga, mamlakatimizning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlashga xizmat qiluvchi omildir.
Toshkentda Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimining o‘tkazilishi, Gulchehra Jamilovaning “Meridian” mukofotiga sazovor bo‘lishi milliy kino san’atimizga bo‘lgan e’tiborning muhim ko‘rinishlaridir. Bunday tashabbuslar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, milliy ijodkorlarning tajriba almashishi va o‘zbek filmlarining xorijiy auditoriyaga yetib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Prezidentimizning “O‘zbekfilm” kinostudiyasidagi uchrashuvi milliy kino san’atini rivojlantirishga yangicha yondashuvni ifoda etadi. Milliy kinoning kelajagi, muvaffaqiyati, avvalo, ijodkorning iste’dodi, halol mehnati, erkin fikri va o‘z xalqiga bo‘lgan muhabbati bilan belgilanadi. Sohada munosib tashkiliy, iqtisodiy va ijodiy sharoit uyg‘unlashgandagina tomoshabin qalbidan joy oladigan, milliy g‘ururimizni yuksaltiradigan va jahon ekranlarida munosib o‘rin egallaydigan filmlar yaratiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA