Farzandlar hayotida aliment ota o‘rnini bosmaydi!
Oila kelajak avlodga kuchli ta’sir etuvchi chinakam tarbiya maskanidir. Ammo hozirda qarindoshlar o‘rtasida nikoh, qizlarni erta uzatish holatlari kuzatilayotganligi va bu salbiy oqibatlarga olib kelayotgani masalaga mas’uliyatliroq yondashishga chorlaydi.
Endigina 16 yoshga qadam qo‘ygan Mashhuraga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) xolasining o‘g‘lidan sovchi kelishi kutilmagan hol bo‘ldi. Ammo kuyovning o‘ziga to‘q xonadondan ekanligi, uy-joyi va mashinasi hali hayotga to‘liq tayyor bo‘lishga ulgurmagan Mashhuraning ota-onasini shoshirib qo‘ydi.
Nikohga qadam tashlayotgan har bir yigit-qiz birinchi navbatda oila qurishga, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga fiziologik va ruhiy jihatdan tayyorligi haqida obdon uylashi kerak. Hatto kattalar ham bosh qotirishmadi.
Tomonlar o‘rtasida Mashhura maktabni tamomlashi bilan to‘y qilishga kelishildi. Mashhurani tinglaydigan, undan ko‘ngil so‘raydigan odam topilmadi.
Qonunda sog‘lom oilani shakllantirish, bolalarni tug‘ma va nasliy kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish maqsadida nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish lozimligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, Nurbek va Mashhura bu kabi ko‘riklardan o‘tmadi. Shunchaki shar’iy nikoh asosida oila qurishdi.
Afsuski, oradan 9 oy o‘tib, tug‘ilgan chaqaloq bu xonadonga baxt, quvonch o‘rniga g‘am olib keldi. Qarindoshchilikning ayanchli oqibatini isbotlab nogiron holda dunyoga kelgan chaqaloqni kuyov tomon uylariga olib ketishni xohlamadi.
Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan Nurbek Utayevning undiruvchi M.Utayeva foydasiga 37-turdagi mol-mulklarni xatlash va olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonuning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
Ijro harakatlari davomida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani Soyliq qishlog‘iga xolislar ishtirokida borilib, 37-turdagi mol-mulklar undiruvchiga olib berildi.
Yosh oila barbod bo‘ldi. Mashhuraning farzandi ta’minoti uchun sud tomonidan aliment belgilandi.
Jamiyatning eng og‘riqli nuqtasi – barbod bo‘lgan oilalar xususida so‘z borar ekan, begunoh farzandlar taqdiri kishini beixtiyor tashvishga soladi. Negaki, ota-onaning ajralishidan murg‘ak qalb egalari hammadan ko‘proq aziyat chekadi, ko‘ngli kemtik holda ulg‘ayadi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, aliment puli farzandlar taqdirida hech qanday muhim o‘rin tutmaydi. Aniqroq aytganda, aliment farzandlar hayotida ota o‘rnini bosa olmaydi. Shunday ekan, eng avvalo, oilalar ajralishining oldini olishimiz zarur. Shundagina murg‘ak go‘daklarning na ota mehriga, na ona mehriga ehtiyoj sezishiga hojat qolmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA