Tarixga nazar solsak, ilm-fanga tayangan va ma’naviyat qadrlangan har qanday jamiyat taraqqiyotga erishganini ko‘ramiz. Bu farovon hayot qurish, taraqqiyotda eng rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan Yangi O‘zbekiston misolida ham namoyon bo‘ladi.
Zero, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi, avvalo, yuksak ma’naviyatli, kreativ fikrlovchi, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir navqiron kadrlar – davlat xizmatchilarga bevosita bog‘liq. O‘z navbatida, boshqaruvda yangi marralarni zabt etish, jadal taraqqiyot yo‘lida izchil rivojlanish, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishi yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor bilan belgilanadi.
Shu ma’noda, shijoatli, bilimli, dunyoqarashi keng, islohotlar mohiyatini teran anglagan, tashabbuskor, yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirishga qodir yosh kadrlarni tarbiyalash O‘zbekiston uchun har qachongidan ham zarur. Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda mavjud vaziyat chuqur tahlil qilingan holda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ham bejiz emas.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli, biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz”, deya ta’kidlagan edi.
Albatta, bizning oldimizda yuqorida qayd etilgan talablarga javob bera oladigan, o‘z mustaqil pozitsiyasiga, haqiqiy liderlik qobiliyatiga ega, zamonaviy boshqaruvdan xabardor davlat xizmatchilarining yangi avlodini shakllantirishdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Zero, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qurish uchun chinakam kelajak liderlarini tarbiyalash zarur.
Yangi loyiha amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda Yoshlar forumida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda “Kelajak liderlari”, deb nomlangan maxsus malaka oshirish dasturi ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy maqsadi yangi avlod rahbar kadrlarini shakllantirish. Buning uchun respublika va mahalliy darajadagi davlat organlari hamda tashkilotlarining o‘rta bo‘g‘inida faoliyat yuritib kelayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan boshqaruv rahbarlari orasidan 50 nafari tanlov asosida saralab olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ilg‘or zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida qisqa muddatda malakasi oshirildi.
Respublikamizdagi olimlar va amaliyotchilar ko‘magida zamonaviy boshqaruv, menejment, tizimli tahlil, kreativ fikrlash, raqamli texnologiyalar, muloqot madaniyati, muammolarni manzilli hal etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Dastur tinglovchilari eng zamonaviy ta’lim usullari asosida tajribali professor-o‘qituvchilar barobarida, vazirlik va idoralar rahbarlaridan ham loyiha boshqaruvi, liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, strategik tahlil, nizolarni boshqarish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda saboq oladi.
Kelajak liderlari qanday saralandi, loyiha davom etadimi?
Aytish kerakki, dastlab bu yoshlarni saralash oson kechmadi, ko‘p izlanish, milliy va xorijiy tajribani o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Agentlik tomonidan xolislik, adolat tamoyiliga erishish, meritokratiya asosida eng munosib nomzodlarni tanlashga harakat qilindi.
“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturiga 30 yoshgacha bo‘lgan 800 nafardan ortiq yosh rahbarlar to‘rt bosqichda saralash tanlovlaridan o‘tkazildi. Xususan, ular davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli yordamida test sinovlaridan yuqori ball to‘plagan nomzodlar bilan suhbatdan o‘tkazilgan holda saralanib, eng yuqori natijalarga erishgan 50 nafari tinglovchilikka tanlab olindi.
Loyihani kelgusida yanada takomillashtirgan holda davom ettirish nazarda tutilmoqda. Barcha iqtidorli va istiqbolli yoshlar loyihaning kelgusi bosqichlariga tizimli jalb etib boriladi.
Yakuniy natija sifatida o‘quv dasturi bosqichlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan, maqsadli bitiruv loyiha taqdimotini namunali amalga oshirgan tinglovchilarga belgilangan shaklda diplom beriladi hamda ular “Milliy kadrlar zaxirasi”ga kiritiladi.
“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining o‘ziga xos jihatlari bugungi kun rahbariga qo‘yilayotgan talablarga qanchalik mos keladi?
Prezidentimiz Murojaatnomasida “Islohotlarimiz natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu ma’noda “mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart. Bundan buyon mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘ladi”, degan edi.
Haqiqatdan ham davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, barcha islohotlar mamlakatimizning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan mahallalardan boshlanadi. Dastur tinglovchilari ayni maqsadda “Mahallabay” ishlash bo‘yicha yangi tizim bilan yaqindan tanishishi, bevosita joylarga chiqqan holda mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga dublyor sifatida Toshkent shahri misolida aholi muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganishi tatbiq etildi. Bunda turli mahallalarning bugungi haqiqiy ahvoli, aholi va xo‘jalik sub’ektlari bilan ishlash mexanizmlari, mahallalarda mavjud imkoniyatlar yaqindan o‘rganildi. Shuningdek, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fukarolar bilan manzilli ishlash va ularga ko‘mak berib, ro‘yxatdan chiqarish yo‘llari tahlil qilindi.
“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturining birinchi tinglovchilarida loyiha qanday taassurot uyg‘otdi? Ular orasida nisbatan yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘z tashabbuslari bilan xalqimiz nazariga tushib ulgurgan, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan istiqbolli rahbarlar ham bor.
Farg‘ona shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Boburbek Mo‘minov, Jizzax shahar hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Shahboz Kamolov, Namangan viloyati Davlatobod tumani hokimi o‘rinbosari Sardor Rahmonov, Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Nodira Jumaniyozova, Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Ahadjon Nasrullayev kabi istiqbolli davlat xizmatchilari shular jumlasidan.
Vatanparvar yoshlarni shakllantirishga kiritilayotgan investitsiya
Prezidentimiz davlat xizmati institutini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi ta’sirchan kurash mexanizmlarini joriy etish haqida gapirib, hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etayotganini ta’kidlagan edi. Shu nuqtai nazardan, davlatning innovatsion yangilanish dasturini shakllantirish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi avlod kadrlar, yangi sarmoyadorlar sinfini tayyorlash o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini anglash mushkul emas. Bu ehtiyoj inson resurslarini rivojlantirishga oid yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga asos bo‘lyapti.
Shuningdek, Prezidentimiz O‘zbekiston yoshlari forumida yoshlarni yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o‘rgatish, malakasini muntazam oshirib borish bo‘yicha qator topshiriqlar bergan, oldimizga vazifalar qo‘ygan edi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturini ana shu topshiriqlarning amaliy ifodasi, deyish mumkin.
Bu loyiha yoshlar hamisha xalq g‘ami bilan yashashi, muammolarni samarali hal etish bo‘yicha rahbarlik qobiliyatini shakllantirish va yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgani bilan e’tiborlidir.
“Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturini tom ma’noda bilimli, iqtidorli, salohiyatli, vatanparvar yoshlarni shakllantirishga kiritilayotgan investitsiya, deb aytish mumkin. Tinglovchilarga berilayotgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalar, avvalo, ularning o‘zi, dunyoqarashi, keyin jamiyatni o‘zgartirish va yangilashga zamin yaratadi.
Davronbek OTABEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi