Kecha davlatimiz rahbari yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi, ular orasidan iste’dodli yoshlarni aniqlab, yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari” shakllantirilishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mahalliy Kengashlarda ham, Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etilishi belgilandi.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki, mamlakat taraqqiyoti, yurt ertasi bugun o‘sib kelayotgan yoshlarga, ularning zamonaviy ilmlarni puxta o‘rganishiga, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga bog‘liq. Shu bois yurtimizda ta’lim-tarbiya masalalariga, yoshlarga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim zamon talabi darajasida takomillashtirilayotgani, yoshlarning oliy ta’lim olishi uchun imkoniyatlar kengaytirilayotgani buning amaliy ifodasidir. Bu yil, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da esa ushbu yo‘nalishdagi ishlar yana ham keng ko‘lamda davom etmoqda. Binobarin, Uchinchi Renessansni shakllantirish aynan bugun hayotga kirib kelayotgan yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, keng tafakkuriga bog‘liq.
Samarqand viloyatida ham iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratish masalalari doimiy e’tiborda.
– 2019/2020 o‘quv yili yakuni bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchi talabalari orasidan rahbarlik va liderlik qobiliyatiga ega 331 nafar iqtidorli yoshlar saralanib, Samarqand viloyati hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan edi, – deydi viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev. – Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilgan tizimli ishlar natijasida bu yoshlarning 34 nafari viloyat darajasidagi idora va tashkilotlarga, 142 nafari shahar (tuman) miqyosidagi korxona va muassasalarga ishga joylashtirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda viloyatimizdagi davlat idoralarida ishlayotgan yosh kadrlardan 50 nafar iqtidorlilari saralab olinib, “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi. Bu yil ham ushbu boradagi ishlarni davom ettirib, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining 517 nafar intellektual jihatdan salohiyatlilari saralab olindi. Bu yosh mutaxassislarning malaka va ko‘nikmasini oshirish, turli ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ularning xalq xo‘jaligining turli sohalarida o‘z o‘rnini topishiga yordam beramiz.
Darvoqe, yaqinda viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan, Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan faol va tashabbuskor, bilimli va liderlik salohiyatiga ega bo‘lgan iqtidorli talaba qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda yoshlar tashabbusi bilan samarqandlik 50 nafar ilmli va tashabbuskor talaba qizlardan iborat “Samarqand ilmli qizlari” klubi tashkil etildi.
Iste’dodli yoshlarni davlat boshqaruvi organlariga ishga jalb qilish maqsadida joriy yilning 19 may kuni Samarqand viloyati hokimining “Viloyat, tuman (shahar)lar hokimliklari boshqaruv apparatiga kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan e’tiboran viloyat hokimligi boshqaruv apparatining tegishli lavozimlariga https://vacancy.argos.uz/ (Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali) orqali, faqat ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
G‘.HASANOV, O‘zA