Kasbiy ta’lim – qizlar uchun barqaror kelajak poydevori
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va faoliyat yuritishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi. Shuningdek, kasbiy ta’limni rivojlantirish orqali xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor bilan yondashilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z faoliyatida “Ma’rifatli ona – qudratli millat” tamoyili asosida jamiyatning ilg‘or qatlami bilan ishlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirishga ko‘maklashib keladi.
Ushbu yo‘nalishdagi partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, Toshkent ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida Kasbiy ta’lim agentligi bilan hamkorlikda “Kasbiy ta’lim – qizlar uchun barqaror kelajak poydevori” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda turli sohalarda samarali faoliyat yuritib, ulkan natijalarga erishib kelayotgan rahbar ayollar, siyosiy liderlar hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Tadbirda partiya Makaziy kengashi raisi o‘rinbosari Firuza Muhammadjonova 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berdi:
– Mazkur hujjat yurtimizda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Unda partiyamiz tomonidan ilgari surilgan bir qator takliflar, jumladan, homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalar uchun masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, erta turmush qurish holatlarining oldini olish, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir qilingan jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishga oid taklif va tashabbuslar o‘z aksini topgani bizni behad quvontirdi.

Tadbir yakunida partiya hamda Kasbiy ta’lim agentligi hamkorligida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, oilani mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA