Xotin-qizlar ta’limi — barqaror taraqqiyotning huquqiy kafolati
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirish va barqaror rivojlanishning strategik maqsadlariga erishish bevosita xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda ularning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash va gender tenglik tamoyillarini davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida qaror toptirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va kasbiy rivojlanishi uchun huquqiy kafolatlar yaratish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar nafaqat ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, balki ularning bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish orqali mamlakatning intellektual zaxirasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” gi farmoni mazkur sohadagi izchil islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashning huquqiy, institutsional va amaliy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan strategik hujjat hisoblanadi.
Farmonda xotin-qizlar va bolalarni har qanday tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish, erta nikohning oldini olish, yoshlarning ongli hayotiy tanlovini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, oilaviy munosabatlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kabi davlat ahamiyatiga molik maqsadlar belgilab berilgan. Shuningdek, unda xotin-qizlarning ta’lim olish huquqini amalda ta’minlashga konseptual ahamiyat berilganini ko‘rish mumkin. Zero, ta’lim xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi, iqtisodiy mustaqilligi va shaxsiy kamolotining eng muhim fundamental asosidir. Shu nuqtai nazardan, xotin-qizlarga ta’lim sohasida yaratilgan imkoniyatlar nafaqat ularning individual manfaatlariga, balki jamiyatning inson kapitalini rivojlantirish va global raqobatbardoshligini oshirishga bevosita xizmat qiladi.
Barqaror rivojlanish konsepsiyasi ijtimoiy adolat, inson kapitali va gender tengligi kabi o‘zaro uzviy bog‘liq omillarga asoslanadi. Xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishi mazkur omillarning har biriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yuksak ma’lumotli ayol oilada sog‘lom va ma’rifiy muhitni shakllantiradi, farzand tarbiyasiga ilmiy asoslangan yondashuv bilan qaraydi va mehnat bozorida munosib ishtirok etib, mamlakat iqtisodiy salohiyati o‘sishiga hissa qo‘shadi. Eng muhimi, u o‘z huquqlarini teran anglagan holda mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demak, xotin-qizlarning ta’lim sohasidagi huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash barqaror rivojlanishning eng muhim kafolatlaridan biridir.
Farmonda nazarda tutilgan muhim yangiliklardan biri — homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’limni davom ettirish uchun “ikkinchi imkoniyat” mexanizmining joriy etilishidir. Xususan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab muayyan sabablarga ko‘ra kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni berilmoqda. Ushbu norma xotin-qizlarning oilaviy holati yoki onalik vazifalari tufayli ta’lim jarayonidan uzilib qolish xavfini minimallashtirishga qaratilgan.
Mazkur yondashuv bir tomondan konstitutsiyaviy ta’lim olish huquqining amaliy ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan davlatning ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligini yaqqol namoyon etadi. Chunki xotin-qizlarning muayyan hayotiy sharoitlar sabab ta’limdan butunlay chetlashib qolishi ularning keyingi ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois “ikkinchi imkoniyat” mexanizmi ta’lim olish huquqining izchilligini ta’minlash nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega.
Farmonda talabalarning fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berish va zarur sharoitlar yaratish vazifasining belgilanishi ham katta amaliy qiymatga ega. Bu ta’lim tizimida formal yondashuvdan moslashuvchan va insonparvar modelga o‘tishni anglatadi. Ayniqsa, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ta’lim jarayonida ob’ektiv tanaffus yuzaga kelgan holatlarda bunday mexanizm xotin-qizlarning bilimlarni sifatli egallashiga huquqiy va tashkiliy zamin yaratadi.
Shuningdek, hujjatda homilador talaba-qizlar yoki yosh farzandli onalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu norma zamonaviy raqamli texnologiyalarni ijtimoiy himoya vositasi sifatida qo‘llashning yorqin namunasidir. Masofaviy ta’lim shakli ayollarga o‘z salomatligi va oilaviy majburiyatlarini ilmiy faoliyat bilan mutanosib ravishda olib borishga imkon beradi. Bundan tashqari, masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish vazifasi ham uzoqni ko‘zlagan qadamdir. Mazkur chora oliy ta’lim tizimini yanada ochiq va inklyuziv shaklga keltirishga xizmat qiladi. Natijada, ta’lim olish imkoniyatlari turli ijtimoiy holatdagi xotin-qizlar uchun yanada kengayadi, bu esa jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi.
Farmonda alohida statistik ma’lumotlarni yuritish masalasining nazarda tutilgani ham ilmiy va boshqaruv jihatidan muhimdir. Xususan, akademik ta’tilga chiqqan yoki o‘qishdan chetlashtirilgan homilador va ona talabalar bo‘yicha alohida hisob yuritilishi kelgusida manzilli davlat siyosatini ishlab chiqish imkonini beradi. Bu genderga sezgir ta’lim tizimini shakllantirish va islohotlar samaradorligini tizimli monitoring qilish uchun ishonchli manba bo‘lib xizmat qiladi. Erta turmush qurish holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ham xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari bilan uzviy bog‘liq. Erta nikohning oldini olishga qaratilgan huquqiy va tashkiliy choralar xotin-qizlarning kelajakdagi kasbiy rivojlanishi va ijtimoiy himoyasini ta’minlashning muhim kafolati sifatida baholanishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, mazkur hujjat mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning sifat jihatidan yangi bosqichini boshlab berdi. U xotin-qizlarning ta’limga oid imkoniyatlarini kengaytirish orqali nafaqat gender tenglikni, balki davlatning uzoq muddatli barqaror taraqqiyotini kafolatlovchi mustahkam huquqiy poydevordir. Farmonda belgilangan innovatsion mexanizmlar xotin-qizlarning intellektual va kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish hamda Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlariga erishish yo‘lida xizmat qiluvchi muhim huquqiy asosdir.
Mahinnora Mirhamidova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
“Xalqaro huquq” fakulteti dotsenti, PhD.
O‘zA