Bugungi kunda Andijon viloyatida 2 ming 752 ta boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ushbu tashkilotlar o‘z safiga 480 ming nafarga yaqin a’zoni birlashtirgan. Ularning 220 ming nafarga yaqinini ayollar, 170 ming nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda tarmoq kasaba uyushmasi Ustavlarida kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlar har 5 yilda bir marta o‘tkazilishi, kasaba uyushma organlari 5 yil muddatga saylanishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, Andijon viloyatidagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida joriy yilning fevral-aprel oylarida hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyat Kengashi tarmoq kasaba uyushmalari viloyat, tuman, shahar kengashlari va birlashgan qo‘mitalari hamkorligida tarmoqlar hamda hududlar kesimida boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari raislari ishtirokida 40 ga yaqin o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ana shu tadbirlarda ishtirokchilarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida Nizom” talablari asosida hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalarni o‘tkazish tartibi, qo‘mita raislari va o‘rinbosarlari hamda a’zolarini saylash jarayoni, hujjatlarni rasmiylashtirish, komissiya a’zolarining vazifalari va dublyorlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ayni kunda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalar bo‘lib o‘tmoqda.

Hisobot-saylov yig‘ilishlarida kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2020-2024 yillardagi faoliyati, kelgusidagi vazifalari to‘g‘risidagi, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi, mehnati muhofazasi, bandlik, mehnatkashlar hamda ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish masalalari yuzasidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raislarining hisobotlari tinglanmoqda.
Hisobot-saylov yig‘ilishlarida kasaba uyushmalari respublika, viloyat, tuman, shahar Kengashlari, birlashgan qo‘mitalari hamda hududiy Kengashlarining mas’ul xodimlari ishtirok etmoqda. Yig‘ilishlarda mehnatkashlar ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini yanada kuchaytirish, jamiyatdagi jarayonlarda kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan vazifalar xususida so‘z yuritilmoqda Ana shu yo‘nalishlardagi muhim vazifalar belgilab olinmoqda.
Hozirga qadar viloyatdagi 559 ta boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalar o‘tkazildi.

Bu yilgi hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalarni oldingi yillardagidan farqi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga (rais va uning o‘rinbosari) saylovlar, ya’ni asosiy ishidan ozod etilgan rais va rais o‘rinbosari saylovi muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tmoqda.
– Korxonalarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari rahbarlari muqobillik asosida saylandi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyat Kengashi apparatining Tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Hamidullo Matisayev. – Jumladan, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali kasaba uyushma tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasida 3 nafar muqobil nomzod orasidan Gulchehraxon Mamatxo‘jayeva saylandi.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali korxonasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasida 5 nafar muqobil nomzod orasidan korxonaning xavfsizlik texnikasi xizmati muhandisi O‘g‘iloy Ziyayeva kasaba uyushma qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi etib saylandi.
Shu kunlarda viloyatda boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari, konferensiyalar o‘tkazilishi davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari